Turkiyada sunami xavfiga tayyorgarlik boshlandi

Olam

image
Asr fojiasi north_east

Asr fojiasi

Turkiyaning Bodrum hududida Egey dengizida davom etayotgan zilzilalar fonida ehtimoliy sunami haqida ogohlantirish uchun sirena tizimi o‘rnatildi. Bu haqda Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar boshqarmasi (AFAD) ma’lumotlariga tayanib, NTV Haber xabar berdi.

Qayd etilishicha, mintaqaga turli viloyatlardan AFAD guruhlari yetib kelgan. Odamlarni ogohlantirish tizimi Sefirixisar, Didim va Datcha qirg‘oq hududlarida ham o‘rnatilgan.

Egey dengizida yanvar oyi oxiridan beri zilzilalar davom etmoqda. Tebranish ayniqsa, Gretsiyaning Santorini (Tira) orolida sezilmoqda. “The New York Times” ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida orolda yashovchi 15 ming kishidan 13 mingi uni tark etgan.

AFAD ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya qirg‘oqlariga eng yaqin zilzila 140 km uzoqlikda qayd etilgan. Zilzila Kolumbo suvosti vulqoni hududida sodir bo‘lgan. Agentlik vakillari Egey dengizidagi seysmik faollik oqibatlari Turkiyaga yetib borishi va sunami keltirib chiqarishi mumkinligini, ayniqsa Kolumbo vulqonining otilishi xavfi borligini ta’kidlamoqda.

Qayd etish joiz, ikki yil oldin – 2023 yil 6 fevralda Turkiya janubi-sharqida magnitudasi 7,7 va 7,6 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Ushbu tabiiy ofat oqibatida 53,5 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, yana 107 mingdan ortig‘i jarohat oldi. Bu zilzila 1939 yilda Arzinjondagi falokatdan keyingi eng yirik yer silkinishi sifatida qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning yetakchi seysmologi Naji Go‘ryur Marmar dengizi hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzila oqibatida Istanbuldagi qariyb 4 million kishining hayoti xavf ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Seysmologlarning baholashicha, magnitudasi 7 yoki undan yuqori bo‘lgan zilzilada taxminan 90 ming bino vayron bo‘ladi, 260 ming bino shikastlanib, yashash uchun yaroqsiz holga keladi. 4,5 million odam vaqtinchalik boshpanaga muhtoj bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya zilzila Bodrum tsunami

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing