Turkiyada sayyohlar uchun komendantlik soati bekor qilindi
Olam
−
21 noyabr 2020
3734Bugun, 21 noyabrdan boshlab Turkiyadagi xorijlik sayyohlar mamlakatda dam olish kunlari amalda bo‘ladigan komendantlik soatiga rioya etmasligi mumkin. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, agar turistlarda joy band qilinganligi haqida hujjat bo‘lsa, ular avtomobilda bir shahardan boshqasiga borishi mumkin.
Restoranlar va mehmonxonalar ham mehmonlar uchun odatiy tartibda ishlaydi. Aeroportlardagi muassasalar yopilmaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiyada koronavirus infeksiyasi bilan kurash doirasida dam olish kunlari komendantlik soati joriy qilingan.
O‘zbekiston elchixonasi esa Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan, doimiy yashayotgan, o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlardan mamlakatda amal qilayotgan cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lish hamda rasmiy organlarning aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablarini bajarishga chaqirgandi.
Ma’lumot uchun, Turkiyada koronavirusga chalinganlar 435 mingdan oshgan. 12 mingdan ko‘p bemor virus qurboni bo‘lgan.
LiveBarchasi