Turkiyada sayyohlar avtobusi dahshatli YTHga uchradi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Bugun, 10 may kuni ertalab Turkiyaning Chanoqqal’a viloyati Ezine tumani yaqinidagi avtomobil yo‘lida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Oqibatda 8 kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, Çanakkale Truva turizm kompaniyasiga tegishli yo‘lovchi avtobusi, o‘tin yuklagan yuk mashinasi va yengil avtomobil ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Hodisa haqida xabar olingach, voqea joyiga tez yordam, yong‘in xavfsizligi, jandarm va politsiya guruhlari yetib borgan.

Chanoqqal’a hokimi Omer Toraman TRT Haber telekanaliga bergan bayonotida voqea tafsilotlarini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuk mashinasi qarama-qarshi harakat yo‘lagiga ag‘darilib ketishi oqibatida avtobus va yengil avtomobil ham to‘qnashuvga uchragan.

Hokimning bayonotiga ko‘ra, hodisa oqibatida yuk mashinasi haydovchisi halok bo‘lgan. Avtobusda jami 25 kishi bo‘lgan, ularning 3 nafari haydovchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodim, 22 nafari esa yo‘lovchilar bo‘lgan. Ushbu yo‘lovchilardan 5 nafari voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Jarohatlanganlar Ezine va Chanoqqal’a davlat shifoxonalariga yetkazilgan, ammo u yerda ham 3 nafar fuqaro vafot etgan. Umumiy hisobda 8 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 20 nafari esa turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Ulardan bir nechtasining ahvoli og‘irligi aytilmoqda.

Hodisa ortidan magistral yo‘l bir muddatga yopilgan bo‘lsa-da, hozirda muqobil yo‘nalishlar orqali harakat tiklangan. Chanoqqal’a Bosh prokuraturasi tergov harakatlarini boshlagan.

Adliya vaziri Yilmaz Tunch ijtimoiy tarmoq orqali bayonot berib, Ezine prokuraturasi tomonidan ikki nafar prokuror tayinlanganini, surishtiruv olib borilayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Pavlodar shahrida maktab o‘quvchilaridan iborat futbol jamoasini olib ketayotgan mikroavtobus ag‘darilib ketgandi. Baxtsiz hodisa oqibatida murabbiy voqea joyida halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Turkiya Chanoqqal'a Ezine

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing