Turkiyada saylov oldidan teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan 33 kishi qo‘lga olindi

Olam

image

Turkiya Xavfsizlik Bosh boshqarmasi xodimlari mamlakat shimoli-g‘arbidagi Sakarya viloyatida 31 martga belgilangan munitsipal saylovlar oldidan teraktlar tayyorlashda gumon qilingan 33 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerliqoya X’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Sakaryada ISHID ekstremistik guruhiga qarshi o‘tkazilgan operatsiya doirasida 33 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Ular munitsipal saylovlar oldidan teraktlarga tayyorgarlik ko‘rgan va hujumlar uyushtirish imkoniyatlarini o‘rgangan. Ular terrorizmni moliyalashtirish faoliyati doirasida guruhga moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, ushbu shaxslar noqonuniy masjid va madrasa niqobi ostida faoliyat yuritgani aniqlandi”, deydi vazir.

Reydlar chog‘ida politsiya ro‘yxatdan o‘tmagan qurollar, to‘rtta to‘pponcha va ikkita ov miltig‘ini musodara qilgan. Shuningdek, yirik miqdordagi xorijiy valyuta, taqiqlangan terrorchilik guruhi materiallari va ichki hujjatlar ham topilgan.

Ma’lumot uchun, 31 mart kuni Turkiyada munitsipal saylovlar doirasida mamlakatdagi munitsipalitetlar rahbarlari uchun ovoz berish bo‘lib o‘tadi. Bu saylovlar iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi uchun juda muhim. Chunki hozirda mamlakatdagi eng yirik shaharlar – Istanbul va Anqarada muxolifat hokimiyat tepasida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiyada Isroil razvedka xizmati “Mossad”ga ma’lumot uzatganlikda gumonlangan 7 kishi qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing