Mahalliy saylovlarda Erdo‘g‘an partiyasi yirik shaharlarda mag‘lub bo‘ldi
Olam
−
01 aprel 2019 8157 2 daqiqa
Kecha, 31 mart kuni Turkiyada mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiyada mavjud 12 siyosiy birlashmadan nomzodlar ishtirok etdi.
Saylov natijalariga ko‘ra, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi (ATP) hamda u yetakchilik qilayotgan “Xalq alyansi” mamlakatning ko‘pgina hududlarida g‘alaba qozondi.
Biroq Turkiyaning eng yirik shaharlari – Anqara, Istanbul va Izmir merligi muxolifat “Jumhuriyat Xalq” partiyasi (RXP) vakillariga nasib qildi. RXP yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li bu haqda shaxsan e’lon qildi.
Anqarada merligi uchun saylovda “Jumhuriyat Xalq” partiyasi va Yaxshi partiyasi birlashuvidan yuzaga kelgan “Millat alyansi” vakili Mansur Yavash g‘alaba qozondi.
Istanbulda 99,86 foiz ovoz saralangach, RXP vakili Ekrem Imomo‘g‘li 48,80 foiz ovoz olib, asosiy raqobatchisi ATP nomzodi Binali Yildirimni ortda qoldirdi. 48,48 foiz saylovchi Binali Yildirimga ovoz bergan.
Bugun, 1 aprel kuni ertalab Imomo‘g‘li Fox telekanaliga intervyuda Istanbuldagi saylovda g‘alaba qozonganini ma’lum qilgan. Bundan bir necha soat avval sobiq Bosh vazir Binali Yildirim istanbuldagi saylovda g‘alaba qozonganini ma’lum qilgandi.
“Kim Istanbulni zabt etsa, o‘sha Turkiyani zabt etadi”, degandi Turkiya prezidenti va ATP yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
Ma’lumot uchun, Erdo‘g‘an ham o‘zining “cho‘qqiga ko‘tarilishini” 1994 yil Istanbul merligidan boshlagan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mahalliy saylovlar yetakchi Adolat va taraqqiyot partiyasi uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Partiya hokimiyatga kelganidan 16 yil o‘tgach, ilk bor poytaxt Anqarada mag‘lub bo‘ldi.
Live
Barchasi