Turkiyaning Tunjeli viloyati kommunistlar qo‘liga o‘tdi! Kalashnikov o‘zida yo‘q xursand

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, 31 mart kuni Turkiyada mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Mahalliy saylovlar Turkiyada besh yilda bir marta, mamlakatning 81 ta ma’muriy hududida bir varakayiga o‘tkaziladi. 

Joriy yildagi saylovlarda mamlakatdagi 12 ta siyosiy birlashma nomzodlari shahar, qishloq, ma’muriy birliklarda rahbarlik uchun "kurash" olib bordi.

Bu safar mahalliy saylovlar Turkiya uchun yanada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Negaki, bu 2018 yildagi prezidentlik va Parlament deputatligi uchun muddatidan avval o‘tkazilgan saylovlardan keyingi ilk yirik siyosiy jarayon.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an 31 martdagi saylovlar mamlakatda ko‘p yildan buyon yetakchilik qilib kelayotgan "Adolat va taraqqiyot" partiyasi hamda Turkiya uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tgandi.

2019 yildagi mahalliy saylovlar Turkiyada kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Bir tomondan mamlakatdagi yetakchi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi poytaxt Anqara va Istanbulda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, bir tomondan “yashin urgandek” Turkiya kommunistik partiyasi Tunjeli ma’muriy markazida g‘alaba qozondi.

Turkiya Osiyo qit’asidagi ko‘plab mamlakatlar uchun demokratik davlat namunasi hisoblanadi. Demokratik davlatda esa barcha uchun imkoniyatlar teng, albatta. Biroq Turkiya tarixida shu vaqtgacha saylovlarda “so‘llar” deb yuritiluvchi kommunistlar g‘alaba qozonmagan.

Fotih Mehmet Macho‘g‘lu Tunjeli ma’muriy markazi merligi uchun saylovda g‘alaba qozondi. Fotih Macho‘g‘lu asosan qishloq xo‘jaligi muammolariga e’tibor qaratuvchi shaxs. Mashhurlik ham unga shuning ortidan kelgan.

Aslini olganda, Macho‘g‘luning muvaffaqiyati ham kutilmagan natija bo‘ldi. Bu holni hududdagi aholi Erdo‘g‘an partiyasi boshqaruvidan charchagani va kurdlar partiyasining yolg‘on va’dalaridan noroziligi bilan bog‘lash mumkin. Shunday bo‘lgan taqdirda ham kommunistik partiyaning g‘alabasi mamlakatda ularga xayrixohlik ortib borayotganidan darak beradi. 

Turkiya kommunistik partiyasi mamlakatning eng keksa partiyalaridan hisoblanadi. Partiyaga 1920 yil 10 sentyabrda asos solingan. TKP o‘z qarashlarida an’anaviy sotsialistik partiyalar singari Marks va Lenin g‘oyalariga tayanadi.

Partiya prezident Erdo‘g‘anning Turkiya va Iroqdagi siyosatiga, kurdlarga nisbatan harakatlariga qarshi chiqadi. Dunyoda bugungi kunda yuzaga kelgan siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, AQSHning Venesuelada hokimiyatni almashtirishiga urinishiga jiddiy norozilik bildirib kelyapti.

Kommunistik partiyaning g‘alabasi sobiq ittifoq davridan qolgan va hozirgacha kommunistik g‘oyalarni ilgari surib kelayotganlarga moydek yoqib tushdi. Xususan, rossiyalik taniqli siyosatchi, Rossiya Federatsiyasi kommunistik partiyasi kotibi Leonid Kalashnikov birinchilardan bo‘lib Turkiya kommunistik partiyasini g‘alaba bilan tabrikladi. 

Turkiyadek davlatda birgina hududda g‘alaba qozonish u qadar katta yutuq bo‘lmasligi mumkin. Balki, TKPning saylovdagi g‘alabasini ramziy qabul qilish ham to‘g‘ridir. Biroq, bir narsani unutmaslik kerak, xitoylik buyuk faylasuf Lao Szi aytganidek, “Dunyodagi eng uzun sayohat ham birinchi qadamdan boshlanadi”. Kim biladi, kommunistik partiyaning bir hududdagi g‘alabasi keyinroq Turkiyada qanot yoyishigacha sabab bo‘lar. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya saylov kommunistlar

Baholaganlar

122

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing