Turkiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklar qanday olib kelinadi? “Uzbekistan airways” ayb ob-havodaligini aytmoqda

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy haftada Turkiyaning bir qator shaharlarini qor qopladi. Kuchli qor yog‘ishi mamlakatning eng yirik shahri Istanbulda transport harakati, shuningdek aviaparvozlarni to‘xtatib qo‘ygan. Yo‘llarda esa katta tirbandliklar yuzaga kelgan, odamlar mashinalarini yo‘l chetiga qo‘yib, piyoda yurishga majbur bo‘lgan. Metroda piyodalar oqimi tufayli tiqilinch yuzaga kelgan. Shuningdek, shaharda savdo markazlari va bir qancha korxonalar yopilgan. Istanbul aeroportida parvozlar kechiktirilgan. 

Bundan tashqari, Istanbul xalqaro ayeroporti faoliyati to‘liq to‘xtatilgani munosabati bilan (kuchli qor, ko‘rishning yetarli darajada emasligi), "Uzbekistan Airways" AJ joriy yil faqat 25 yanvar kuni bajarilishi rejalashtirilgan HY – 271/272/273/274 Toshkent - Istanbul – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni bekor qildi. Shu sabab, QALAMPIR.UZ muxbiri “Uzbekistan airways” AJ matbuot kotibi Kamola Ikromovaga hozirda Istanbuldan O‘zbekistonga qayta olmayotgan yo‘lovchilarning ahvoli hamda olingan chiptalar nima bo‘lishi haqidagi savol bilan yuzlandi. 

Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Istanbul va Anqara shaharlarida O‘zbekistonning ikkita samolyoti turibdi, biroq noqulay ob-havo sharoiti tufayli ucha olmayapti. 

“Kecha Istanbul aeroporti to‘liq yopilgan, yo‘lovchilar esa samolyotning umuman uchishga imkoni bo‘lmagani sababli qolib ketgan. Shuning uchun biz ularni bugun olib kelishimiz kerak edi, lekin Istanbul va Anqara shaharlarida turgan samolyotlarimiz qotib qoldi, ucha olmayapti”, deydi Kamola Ikromova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat Turkiya shaharlaridan O‘zbekistonga, balki Toshkentda ham 400 dan ortiq chipta olib, kutib o‘tirgan yo‘lovchilar bor. 

“Biz ularga bugun soat 13:00 ga 271-reys qo‘yib bergandik, biroq Istanbul aeroporti yopiq bo‘lganligi sababli ucha olmadi. Shuning uchun biz reys vaqtini ertaga, 26 yanvar soat 13:00 ga ko‘chirdik. Agar, u ertaga uchsa, ortga qaytayotganda Istanbul va Anqara aeroportlaridagi yo‘lovchilarni olib keladi. Bekor qilingan parvozlarning yo‘lovchilari chiptaning to‘liq qiymatini sotib olgan joyida qaytarib olishi mumkin. Shuningdek, parvozlar qayta tiklangandan keyin chiptalarni xohlagan kunga bepul ko‘chirib beramiz”, deydi Kamola Ikromova.

Matbuot kotibining ta’kidlashicha, Anqara aeroportida qolayotgan yo‘lovchilar to‘liq mehmonxonaga joylashtirilgan, Istanbul aeroportidagi yo‘lovchilarga esa issiq ovqat bilan ta’minlangan. Biroq boshpana berilmagan. Xarajatlarni esa O‘zbekiston tomoni qoplagan.

“Kompensatsiya to‘lanmaydi, chunki bu bizning aybimiz emas. Buning barchasi faqat ob-havo sharoiti bilan bog‘liq”, deb javob berdi Kamola Ikromova parvozi bekor qilingan yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadimi degan savolga.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

75

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing