Turkiyada qarovsiz qolib ketgan 3 bola O‘zbekistonga qaytarildi
Olam
−
03 Oktabr
4576Turli sabablar tufayli Turkiyaning Istanbul shahrida ota-onasining qarmog‘idan mahrum bo‘lgan uch nafar voyaga yetmagan bolalar kecha, 2 oktyabr kuni Toshkent shahriga yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 16 yoshli va 6 yoshli 2 nafar qizlar va 11 yoshli 1 nafar o‘g‘il bola yaqin qarindoshlarining murojaatlari asosida Istanbul shahridagi Bosh konsulxona, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mas’ul xodimlarning kuzatuvi ostida O‘zbekistonga qaytarilgan.
“Shu o‘rinda, ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini xorijiy davlatlarda nazoratsiz qoldirmaslik, befarq bo‘lmagan fuqarolardan esa chet elda qarovsiz qolib ketgan bolajonlar to‘g‘risida zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy diplomatik vakolatxonalariga xabar berish so‘raladi”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada ota-onasi va qonuniy vakillari mavjud bo‘lmagan O‘zbekistonning 14 nafar voyaga yetmagan fuqarosi mamlakatga qaytarilgandi.