Turkiyada Imomo‘g‘lining partiyadoshlari qo‘lga olindi

Olam

image

Bugun, 5 iyul kuni Turkiya politsiyasi poraxo‘rlikda gumon qilingan uch shahar merini hibsga oldi. Bu haqda “Daily Sabah” xabar berdi.

Hibsga olinganlar orasida Adana shahri meri Zeydan Karalar, Antaliya meri Muhiddin Bo‘jek va Adiyaman shahri meri Abdurrahman Tutdere bor. Ularning barchasi asosiy muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi (CHP) a’zolari hisoblanadi.

Reydlar chog‘ida politsiya shahar hokimliklari binolarida tintuv o‘tkazgan. Antaliyada Bo‘jek bilan birga yana ikki shaxs ham qo‘lga olingan. 

Ma’lum qilinishicha, korrupsiya bo‘yicha hibsga olish ishlari davom etmoqda. Ushbu tergov asosan Aziz Ihsan Aktash ismli tadbirkorning ko‘rsatmalariga asoslanmoqda. U bir nechta hokimiyatlar faoliyatida jinoyatchilik tarmog‘i boshlig‘i sifatida tan olingan.

Korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar o‘tgan yildan boshlangan va asosan CHP nazoratidagi shahar hokimiyatlariga keng yoyilgan. Bu partiya a’zolarining, jumladan, Istanbulning sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi va so‘roq qilinishiga sabab bo‘lgan.

Joriy yilning 23 mart kuni ertalab Imomo‘g‘li sud qarori bilan hibsga olingan. Shu kuni Respublika Xalq partiyasi Imomo‘g‘lini Turkiya prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatdi va u nomzodlikka tasdiqlandi. Praymerizlar davomida uning nomzodini 13,2 million fuqaro qo‘llab-quvvatladi – bu ro‘yxatga kiritilgan barcha saylovchilarning qariyb 20 foiziga teng.

Imomo‘g‘lining ta’qib qilinishi Turkiyada 2013 yildan beri eng yirik norozilik to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Sobiq hokim hibsga olinganidan keyingi 10 kun ichida butun mamlakat bo‘ylab uni qo‘llab-quvvatlovchi 220 ga yaqin namoyish bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Istanbul shahrining sobiq hokimi, muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li Anqarada so‘zlagan nutqida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning davri tugaganini aytgandi. U Erdo‘g‘an siyosati faqatgina yomonlik keltirganini ta’kidlagandi. 19 mart kuni maxsus operatsiya davomida Imomo‘g‘li va uning matbuot bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun qo‘lga olindi. Mazkur holat Turkiyada namoyishlarga ham sabab bo‘ldi. Adliya vaziri Yilmaz Tunch voqealar yuzasidan tegishli bayonotini e’lon qildi va Imomo‘g‘lining ishiga Erdo‘g‘anning aloqasi yo‘q ekanini aytib chiqdi.

Korrupsiya va terrorizm ishi bo‘yicha hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li 22 mart kuni o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi. O‘sha kuni u sud binosiga olib borildi. Bosh prokuratura sud binosiga yuborilgan 90 nafar gumondor uchun 30 nafar prokuror tayinladi. Asta-sekin Imomo‘g‘li bilan bog‘liq sud qarorlari e’lon qilina boshlandi. Shundan so‘ng, Imomo‘g‘li aholini 23 mart kuni o‘tkaziladigan ommaviy mitinglarda qatnashishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Antaliya Ekrem Imomo'g'li Adana Adiyaman Respublika xalq partiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing