Turkiyada davlatni tanqid qilgan 65 jurnalist hibsga olingani aytildi
Olam
−
10 yanvar 2023
4285Turkiyada ommaviy axborot vositalarining kamida 65 nafar vakili hibsda, ulardan 26 nafari o‘tgan yili hibsga olingan edi. Bu haqda Turkiyada bugun, 10 yanvar kuni nishonlanadigan Jurnalistlar kuni uchun asosiy muxolifatdagi "Jumhuriyat xalq" partiyasi tayyorlagan hisobotda aytiladi.
Ma’ruzadan parchalarni e’lon qilgan inson huquqlari bo‘yicha mas’ul fraksiya vakili Gulyuza Bicyer Karaja, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasining hokimiyatda bo‘lgan 20 yillik davrida so‘z erkinligiga rioya qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar ko‘payganiga e’tibor qaratdi.
“2022 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, Turkiyada kamida 65 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari sudlangan yoki tergov ostida hibsda saqlanmoqda. Ulardan 26 kishi yoki 40 foizi 2022 yil davomida hibsga olingan”, deya siyosatchining so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Gazete Duvar” portali.
Hisobotda aytilishicha, 2006 yildan 2021 yilgacha Turkiyada 575 mingga yaqin veb-saytga kirish taqiqlangan. 2009 yildan 2020 yilgacha Jinoyat kodeksining 125-moddasi “hokimiyatni haqorat qilish” bo‘yicha jinoiy ishlar bo‘yicha 4 milliondan ortiq kishi ayblanuvchiga aylandi. 582 mingdan ortiq kishi jazoga tortildi. 13 yil davomida Turkiya Jinoyat kodeksining 299-moddasi “Prezidentni haqorat qilish” bo‘yicha deyarli 196,7 ming kishiga nisbatan tergov harakatlari boshlangan. Ulardan 47,4 ming nafariga nisbatan sud majlisi o‘tkazilib, 17,1 ming kishiga nisbatan hukm chiqarilgan.
Hujjatda, shuningdek, Turkiya televideniye va radioeshittirishlar oliy kengashi so‘nggi 10 yil ichida mahalliy telekanallarni 400 million turk lirasi yoki 21,3 million dollar jarimaga tortgani aytiladi.
Turkiya rasmiylari muxolifat partiyasi hisobotiga hozircha izoh bermagan.