Bugun “el-klassiko”. Omadsiz o‘yin o‘tkazayotgan “Real” “Barselona”ni mag‘lub eta oladimi?
Sport
−
01 mart 2020
6664Bugun, 1 mart kuni Ispaniya chempionati 26-turidan o‘rin olgan Madridning “Real” va Kataloniyaning “Barselona” jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda musobaqa jadvalida “Barselona” “qirollik klubi”ni 2 ochkoga ortda qoldirmoqda. Bugun, 1 martdan 2 martga o‘tar kechasi, barcha futbol muxlislari sabrsizlik bilan kutayotgan “el-klassiko” bo‘lib o‘tadi. Ushbu bahs oldidan jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasi va murabbiylar fikriga nazar solamiz.
O‘zaro to‘qnashuvlar
“Real Madrid” va “Barselona” jamoalari shu kunga qadar barcha musobaqalarda o‘zaro 276 marotaba to‘qnash kelishgan. Bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvlarning 99 tasida Madridning “Real” klubi g‘alaba qozongan. 115 ta o‘yinda “Barselona” jamoasining qo‘li baland kelgan. Qolgan 62 bahsda durang natija qayd etilgan. 1943 yili “Qirollik klubi” “Barselona” jamoasi ustidan 11:1 hisobida g‘alaba qozongan. “Barselona” jamoasi esa 1913 yili “Real Madrid” ni 7:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.
Jamoalarning so‘ngi o‘yinlari
“Real Madrid” Yevropa chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi doirasida, Angliyaning “Manchester Siti” jamoasini qabul qildi va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. “Qaymoqranglilar” bugungi bahsga qadar ketma-ket 3 ta o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda.
Kataloniyaning “Barselona” jamoasi so‘ngi bor Ispaniya chempionatining 21-turidan o‘rin olgan “Valensiya”ga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan edi. “Ko‘k-anorranglilar” ichki chempionatda ketma-ket 4 ta o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Lekin kataloniyaliklar Yevropa chempionlar ligasi doirasida, Neapolning “Napoli” klubiga qarshi bahs olib bordi va uchrashuvda durang natija qayd etildi.
Zinedin Zidan, “Real Madrid” jamoasi bosh murabbiyi:
“Yevropa chempionlar ligasi doirasida “Manchester Siti” jamoasiga qarshi uchrashuvda qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan so‘ng, muxlislarimiz biz tomon tanqid toshlarini otishdi. Agarda bugun “Barselona” jamoasiga qarshi uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchrasak, ular bizdan g‘azablanadi.
Men buni juda ham yaxshi tushunaman. Sevimli jamoangiz mag‘lub bo‘lsa juda ham alam qiladi. Ayni paytda musobaqa jadvalida “Barselona” karvonboshilik qilmoqda. Biz ushbu natijani butkul o‘zgartirib, peshqadam bo‘lib olishimiz mumkin. Buning uchun xato qilmasligimiz kerak”.
Kike Seten, “Barselona” jamoasi bosh murabbiyi:
“Bo‘lib o‘tadigan bugungi uchrashuvdagi g‘alaba “Real Madrid" uchun suv va havodek zarur. Shuningdek, biz ham ushbu bahsda g‘alaba qozonishni istaymiz. Sababi, agarda bugun “Real”ga mag‘lub bo‘lsak, jadvalda bizdan oldinga o‘tib ketishadi. Shuning uchun ham xato qilishga haqqimiz yo‘q.
Qolaversa, faoliyatim davomida ilk marotaba “el-klassiko”da murabbiy sifatida ishtirok etayapman. Bu men uchun faxr. Bunday o‘yinlarda yaxshi natija ko‘rsatish, har qanday murabbiyning orzusi”.
Jamoalarning taxminiy tarkiblari:
“Real Madrid”
Darvozabon: Tibo Kurtua,
Himoyachilar: Karvaxal, Varan, Ramos, Mendi,
Yarim himoyachilar: Kroos, Kazemiro, Valverde,
Hujumchilar: Vinisius, Benzema, Isko
“Barselona”
Darvozabon: Ter Shtegen
Himoyachilar: Firpo, Pike, Umtiti, Semedu
Yarim himoyachilar: Buskets, Rakitich, De Yong
Hujumchilar: Messi, Breytueyt, Grizmann
Ma’lumot o‘rnida, Uxan shahri jamoasi futbolchilari “el-klassiko”ga taklif qilingan.
Eslatib o‘tamiz, “Real Madrid” va “Barselona” jamoalaridagi uchrashuv 1 martdan 2 martga o‘tar kechasi 01:00 da boshlanadi.
Jahongir Sotvoldiyev
LiveBarchasi