Turkiyada ham 15 yoshgacha bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi

Olam

−

image

Joriy yilning 1 noyabridan boshlab Turkiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanadi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkiya Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan nizomda foydalanuvchilarning yoshini tekshirish, 15 yoshdan oshgan bolalar uchun alohida xizmatlar yaratish hamda ota-onalar nazoratini kuchaytirish tartibi belgilangan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar akkaunt ochish vaqtida foydalanuvchining yoshini Turkiyaning e-Devlet elektron davlat xizmatlari platformasi orqali maxsus identifikator yordamida tekshiradi. 15 yoshga to‘lmagan bolalarning akkaunt ochish haqidagi so‘rovlari rad etiladi.

15 yoshga to‘lgan, biroq voyaga yetmagan foydalanuvchilar uchun esa alohida xavfsizlik choralari joriy qilinadi. Ularning akkauntlarida yuqori darajadagi maxfiylik sozlamalari sukut bo‘yicha yoqilgan bo‘ladi. Bunday profillar yopiq shaklda yaratiladi, ularda jonli efir o‘tkazish va shaxsiylashtirilgan reklamalarni ko‘rsatishga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, bolalar faqat o‘zlari kuzatadigan akkauntlardan xabar olishi mumkin bo‘ladi. Boshqa foydalanuvchilar esa ularning obunachilari va kuzatayotgan akkauntlari ro‘yxatini ko‘ra olmaydi.

Nizom ota-onalar nazoratiga oid talablarni ham belgilaydi. Ular farzandlarining akkaunt sozlamalarini boshqarishi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtini cheklashi va pulli amaliyotlarga ruxsat berishi mumkin bo‘ladi.

Yangi tartibga ko‘ra, mavjud akkauntlar uchun yoshni tasdiqlash jarayoni 2027 yilning 31 martigacha yakunlanishi kerak. Yoshi 15 dan kichik ekani aniqlangan foydalanuvchilarning amaldagi akkauntlari ham yopiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing