Turkiya Yevropa Ittifoqidan aniq qadamlar kutyapti – Erdo‘g‘an
Olam
−
19 aprel 2022
8997Turkiya hamon Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni o‘z strategik maqsadi deb hisoblaydi va YeIga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun aniq qadamlar kutmoqda. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqarada turli mamlakatlar elchilari bilan iftorlik chog‘ida aytib o‘tdi.
“Ukraina kontekstida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealar Turkiyaning NATOdagi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatdi. Yevropa Ittifoqiga a’zolik Turkiya uchun strategik maqsad bo‘lib qolmoqda. Urushning global miqyosdagi salbiy oqibatlari Turkiyaning Yevropa Ittifoqi uchun ayniqsa, xavfsizlik va energetika sohasida strategik ahamiyatini ko‘rsatdi. Men Yevropa Ittifoqidan bizning to‘liq a’zolik istiqbolimizga asoslangan aniq va mazmunli qadamlar tashlanishini kutaman”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, 1964 yildan beri Yevropa Ittifoqining assotsiativ a’zosi bo‘lgan Turkiya YeIga a’zo bo‘lish uchun 1987 yilda ariza bergan. Uni Yevropa Ittifoqiga qabul qilish bo‘yicha muzokaralar jarayoni 2005 yilda boshlangan.
Turkiya ittifoqqa qo‘shilish uchun Yevropa Komissiyasi bilan 35 muzokara nuqtasidan 33 tasi (ikkitasi kelishuv talab qilmaydi) bo‘yicha muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlashi kerak. Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqi davlatlari Turkiyaning YeIga a’zo bo‘lishi uchun ovoz berishi kerak.
2017 yilning 6 iyulida Yevroparlament Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevrokomissiyani Turkiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilmaguniga qadar uning qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib turishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi.
2017 yilning aprel oyida Turkiyada konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha referendum o‘tkazildi, natijada Prezident vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. O‘tgan to‘rt yil ichida Bryussel va Yevroittifoqqa a’zo turli darajadagi davlatlar Turkiyaning harakatlari uning Yevropa hamjamiyatidan uzoqlashishiga xizmat qilayotganini qayta-qayta ta’kidlab, Anqarani o‘z pozitsiyasini aniqlashga chaqirdi.