Turkiya va Ozarbayjon armiyasi “birlashmoqda” 

Olam

image
0:00
0:00
download

Turkiya Parlamenti Anqara va Baku o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.  

Ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shusha deklaratsiyasini o‘z ichiga olgan hujjatga 266 deputat ovoz bergan, 11 nafari qarshi chiqqan. 

Joriy yilning 1 fevral kuni Ozarbayjon parlamenti ushbu deklaratsiyani tasdiqlagan. Hujjat o‘tgan yilning 15 iyun kuni Ozarbayjon va Turkiya Prezidentlari Ilhom Aliyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan Qorabog‘ning Shusha shahrida imzolangan. 

Deklaratsiya “tomonlardan birining xalqaro tan olingan chegaralarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, daxlsizligi yoki xavfsizligiga uchinchi davlat yoki davlatlar tomonidan tahdid yoki tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda” BMT Nizomiga muvofiq Baku va Anqara tomonidan o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. 

“Shoshilinch muhokamalar orqali ushbu yordamning hajmi va shakli aniqlangandan so‘ng, mudofaa ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish va Qurolli Quchlar qo‘mondonligi va qo‘mondonlik tuzilmalarining muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi”, deyiladi xabarda. 

Hujjat bandlaridan birida Ozarbayjon va Turkiya o‘z Qurolli Kuchlarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishi belgilangan. Bu kadrlar almashinuvi va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, hujjatda ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-siyosiy hamkorlik uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagani belgilab qo‘yilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Anqara va Bakuning harbiy va mudofaa sohalaridagi hamkorlik doirasida birgalikda harakat qilish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi 1 fevral kuni Turkiya Parlamentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgandi.  

Qorabog‘ urushi 

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon

Baholaganlar

101

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made