Turkiya va Misr munosabatlari 10 yil o‘tib tiklandi. Erdo‘g‘an Mursiyning o‘limini unutdimi?
Olam
−
04 iyul 2023
5972Turkiya va Misr oradan 10 yil o‘tib diplomatik munosabatlarni to‘liq tiklab, ularni elchilar darajasiga olib chiqdi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
“Turkiya Respublikasi va Misr Arab Respublikasi ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni elchilar darajasiga ko‘targanini e’lon qiladi. Turkiya Qohiradagi Favqulodda va Muxtor Elchi lavozimiga elchi Solih Mutlu Shen nomzodini taklif qildi”, deyiladi xabarda.
Misr Tashqi ishlar vazirligi Turkiya bilan diplomatik aloqalar elchilar darajasiga ko‘tarilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Tegishli bayonot TIVning Facebook’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
“Misr Arab Respublikasi va Turkiya Respublikasi diplomatik munosabatlarni elchilar darajasiga ko‘targanini e’lon qildi. Misr Amr al-Hamamiyni Anqaradagi elchisi etib tayinladi. Ushbu qadam mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni tiklashga qaratilgan bo‘lib, Misr va turk xalqlari manfaati yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida harakat qilish bo‘yicha umumiy qat’iylikni aks ettiradi”, deyiladi bayonotda.
Turkiya TIV Anqara va Qohira o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar ikki davlat prezidentlari qarorlarini amalga oshirish asosida to‘liq tiklanganini ta’kidladi.
“Ushbu qadam ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan bo‘lib, turk va Misr xalqlari o‘rtasida yanada rivojlanish uchun o‘zaro irodani aks ettiradi”, deyiladi xabarda.
Anqara va Qohira o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Misr prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin yomonlashgan. Shundan so‘ng har ikki davlat o‘z elchilarini chaqirib oldi. 2021 yil mart oyida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Misr bilan diplomatik darajada aloqalar tiklanishini e’lon qildi. 2022 yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining ochilish marosimida Misr va Turkiya prezidentlari Abdulfattoh as-Sisi va Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida qisqa muddatli uchrashuv bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng munosabatlarda sezilarli iliqlik kuzatildi. Fevral oyi oxirida Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri Turkiya janubidagi zilziladan jabr ko‘rgan Adana shahriga tashrif buyurdi. U yerda uni Turkiya tashqi ishlar vaziri kutib oldi va unga hamrohlik qildi va ikki davlat rahbarlari uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytdi. Turkiya va Misr prezidentlarining uchrashuvi ehtimoli haqida Erdo‘g‘an may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin xabar qilingan edi.
Turkiya va Misr munosabatlaridagi taranglik
Muhammad Mursiy mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan ilk Prezidenti sanalib, u islom dunyosida ham martabali yo‘lboshchilardan biri edi. Mursiyning hokimiyatdan kuch tizimlari sabab ag‘darilishi mamlakat aholisi orasida katta norozilikni keltirib chiqargan. Prezident lavozimini Mursiydan keyin Mudofaa vaziri sifatida faoliyat yuritgan Abdul-Fattoh Halil As-Sisi egalladi.
Misrda ro‘y bergan davlat to‘ntarishidan so‘ng, tinch aholi vakillari namoyishga chiqdi. Ular dunyo hamjamiyatining e’tiborini Misrga qaratish uchun namoyishlar timsoli sifatida qo‘lning to‘rt barmoqli ko‘rinishini tanladilar. Bu esa namoyishlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda ommalashtirildi.
Misrda sobiq Prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari namoyishi Robiya Al-Adaviya maydonida o‘tkazilgan. Robiya esa arab tilida “to‘rtinchi” degan ma’noni anglatadi. Mursiy esa mamlakatni boshqargan to‘rtinchi Prezident edi. Shu bois namoyishchilar bosh barmoqlarini bukib, qolganlarini ko‘targan holatda aksiya o‘tkazdilar. Internetda, xususan Twitter’da #R4BIA xeshteglari paydo bo‘ldi. Birgina Instagram’da esa ushbu heshteg bilan 100 minglab xabar qoldirilgan.
Robiya Al-Adaviya VIII asrda Yaqin sharqda, hozirgi Iroq va Suriya hududlarida yashagan bo‘lib, u oilada to‘rtinchi farzand bo‘lgan. Robiya tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri edi. Robiya bolaligini qullikda o‘tkazadi va qochoqlikdan so‘ng ozod bo‘ladi. U Misrda ozodlik timsoli sifatida tarixda qolgan va tasavvufda Robiya Adaviya yo‘nalishiga asos solgan.
O‘sha vaqtlarda Mursiyni qo‘llab-quvvatlab to‘rt barmoqli ishoradan foydalanganlar orasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham bo‘lgan. U keyinroq Mursiy o‘z ajali bilan o‘lmagani, aksincha, o‘ldirilganini aytib chiqdi.
“Mursiy o‘z o‘limi bilan o‘lmagan, uni o‘ldirishgan. Misrning demokratik saylangan prezidenti sud zalida 20 daqiqa yotgan va unga hech kim yordam ko‘rsatmagan”, degan edi Erdo‘g‘an.
2019 yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Misr arab Respublikasining sobiq Prezidenti Muhammad Mursiyning dafn marosimiga uning qarindoshlari kiritilmaganini qattiq qoralib chiqdi.
“Misrning saylov yo‘li bilan tanlangan Prezidenti Muhammad Mursiy sud zalida qiynalib vafot etishi va dafn marosimiga, hatto, oilasining qatnashishiga izn berilmagani – ichimizda qonagan bir yaradir”, degan Rajab Toyib Erdo‘g‘an.