Turkiya va Eron rahbarlari AQSHda uchrashdi
Olam
−
25 Sentabr
387423 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasi 79-sessiyasi doirasida Eronning yangi saylangan Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashdi. Rahbarlar ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy o‘zgarishlarni muhokama qildi. Bu haqda “Daily Sabah” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, uchrashuv yopiq tarzda Turk uyida bo‘lib o‘tgan. Unda ikki davlat yetakchilari Pezeshkiyon Eron Prezidenti etib saylangandan buyon ilk bor yuzma-yuz muloqot qilgan.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Erdo‘g‘an Pezeshkiyonga Isroilning mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan tajovuziga qarshi tinchlikka xizmat qiladigan qadamlar tashlash muhimligini aytgan. Shuningdek, u Isroilning Falastin va Livan hududlarida amalga oshirayotgan zo‘ravonliklarga imkon qadar tezroq chek qo‘yish uchun xalqaro hamjamiyat xalqaro huquq, diplomatiya va inson huquqlari asosida “ovozini balandroq ko‘tarishi” zarurligi ta’kidlangan.
“Turkiya Falastin hududlarida, xususan Isroil qirg‘inlari sodir bo‘layotgan G‘azoda tinch aholiga insonparvarlik yordami yetkazish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirmoqda”, dedi Turkiya rahbari.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Turkiya va Eron o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarga to‘xtalib o‘tgan hamda ikki tomonlama aloqalarning har sohada rivojlanishi va mustahkamlanishiga ishonchini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMTning harakatsiz va ishlamaydigan tashkilotga aylangani va islohotga muhtojligini aytgan edi.
LiveBarchasi