Turkiya va Armaniston o‘rtasida ilk uchrashuv qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
31 dekabr 2021
4611Turkiya va Armaniston maxsus vakillarining birinchi uchrashuvi yanvar oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu ma’lum qildi.
“Sana hozircha noma’lum, ammo u (uchrashuv — tahr.) yanvar oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda”, degan Chavusho‘g‘lu.
Joriy yilning dekabr oyi boshida Chavusho‘g‘lu Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish uchun tomonlar tez orada o‘zaro maxsus vakillarni tayinlashi, Yerevan bilan charter reyslari ham ochilishini aytgan edi. Vazirning qayd etishicha, Anqara Turkiya va Armaniston aviakompaniyalarining Istanbul – Yerevan – Istanbul reyslari bo‘yicha arizalarini ko‘rib chiqmoqda.
Turkiya Transport va infratuzilma vaziri Adil Karaismailo‘g‘luning ma’lum qilishicha, Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi yaqin kunlarda Istanbul va Yerevan o‘rtasida parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiya va Armaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q, ikki davlat o‘rtasidagi chegara Anqara tashabbusi bilan 1993 yildan beri yopilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning murakkablashishiga Anqaraning Qorabog‘ muammosi bo‘yicha Ozarbayjon pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi va Armanistonning 1915 yilda Usmonli imperiyasida yuz bergan etnik mojaroni xalqaro darajada "genotsid" deb tan olishga erishish yo‘lidagi urinishlari bilan bog‘liq bir qator holatlar sabab bo‘lmoqda.
LiveBarchasi