Turkiya Ukraina xavfsizligiga kafil bo‘lishga tayyor – Chavusho‘g‘li
Olam
−
17 mart 2022
10130Ukraina Turkiyani ehtimoliy xavfsizlik kelishuvining kafillari qatoriga kiritish tarafdori va Moskva bunga qarshi emas. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bugun, 17 mart kuni Lvovda Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ma’lum qildi.
Turkiya TIV rahbarining ta’kidlashicha, Anqara boshidanoq Ukraina-Rossiya inqirozi bo‘yicha prinsipial pozitsiyani egallagan.
“Ushbu urushda imkon qadar tezroq qon to‘kilishini to‘xtatish kerak. Turkiya rahbariyati, shaxsan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu yo‘nalishda faol harakat qilmoqda”, deydi Chavusho‘g‘li.
Chavusho‘g‘li Ukraina rahbarining Turkiyada Rossiya Prezidenti bilan uchrashish tashabbusini eslatib, Anqara bunday muloqotni tashkil etishga tayyorligini aytib o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tomonining Antaliyada TIV rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvini o‘tkazish tashabbusi, so‘ngra Moskva va Lvovga tashrifi shu bilan bog‘liq bo‘lgan.
“Men kecha Moskvadagi uchrashuvda Ukraina bo‘yicha yana bir uchrashuv o‘tkazish zarurati yo‘qolib, urush to‘xtashi, Ukraina hamda butun mintaqada tinchlik va barqarorlik hukm surishiga umid bildirdim”, deydi Chavusho‘g‘li.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukrainaga tashrif natijalari o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga umid uyg‘otgan.
Chavusho‘g‘li Turkiyaning Rossiya va Ukraina bilan muloqot kanallari ochiqligini, Anqaraning urushni tugatish masalasidagi qadamlari samimiy ekanini urg‘ulagan.
Vazirga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha taklif Kiyevda P5+Turkiya va Germaniya formulasi bo‘yicha eshittirilgan va Rossiya tomoni bunga qarshi chiqmagan.
“Mening fikrimcha, ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlanadi", deydi turk vaziri.
Shu bilan birga, Turkiya aholini evakuatsiya qilish maqsadida xalqaro tuzilmalarni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvlarini kuzatishga jalb qilishni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 mart kuni Mavlud Chavusho‘g‘li Moskvaga boradi va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashgandi. Undan so‘ng, Kiyevga safarini davom ettirgan.
Aytish joizki, 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya viloyatida Turkiya vositachiligida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov uchrashuvi o‘tkazildi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham ishtirok etgan uch tomonlama muzokara yakunida aniq bir kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, tomonlar bunday muzokaralarni o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.
LiveBarchasi