Turkiya Suriyada harbiy operatsiya boshladi
Olam
−
10 Oktabr 2019
5936Turkiyaning Suriya shimolidagi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasi Harbiy havo kuchlarining rasmiy Anqara terrorchi deb hisoblovchi kurdlarning “Xalq mudofaa kuchlari” pozitsiyalariga hujum bilan boshlandi. Samolyotlar Ras al-Ayn, Tel-Abyad, Al-Qamishli va Ayn Issa tumanlaridagi aholi punktlariga zarba berdi.
Operatsiya boshlanganini Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyaning bosh maqsadi mamlakat chegarasida shakllantirilayotgan terrorchilik yo‘lagini yo‘q qilish va mintaqada tinchlikka erishish.
“Biz Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab, mahalliy aholini terrorchilardan qutqaramiz”, degan Erdo‘g‘an Twitter`dagi sahifasida.
Rasmiy Anqara yo‘q qilishga urinayotgan “Suriya demokratik kuchlari” (SDK) qurolli koalitsiyasi Turkiya qo‘shinlarining hujumiga javoban chegara yaqinidagi shaharlarni minomyotdan o‘qqa tutib, Suriyaning Al-Hasaka viloyatidagi qator neft vishkalarini yoqib yubordi.
SDK rasmiy vakili Ahmad Musa Turkiya boshlagan harbiy operatsiya haqida shunday fikr bildirdi:
“Butun dunyo Suriya shimoliga hujumdan asl maqsad nima ekanini biladi. Biz huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, demokratik mamlakatlar, Yevropa Ittifoqi va BMTni Turkiyaning harakatlariga nisbatan shafqatsiz pozitsiyani egallashga chaqiramiz”.
Hujum uyushtirilayotgan tumanlarda aholi kolonna bo‘lib hududni tark etyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar orasida tinch aholi vakillari ham bor.
Yevropa Ittifoqi Turkiyani harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiryapti. Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker harbiy aralashuvga qarshi chiqib, YeI Suriya shimolida rasmiy Anqara tashkil qilmoqchi bo‘lgan bufer zona homiyligidan voz kechishini ma’lum qildi.
Rasmiy Damashq o‘z suverenitetini barcha qonuniy vositalar orqali himoya qilishini ma’lum qildi.
Bugun, 10 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari talabi bilan Turkiya o‘tkazayotgan operatsiyani muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashi chaqirildi.
LiveBarchasi