Turkiya sohillarida dunyodagi eng qadimiy kema qoldiqlari topildi

Bu qiziq

−

image

Turkiyaning Antaliya viloyati yaqinida yoshi 4 400-4 700 yilga teng bo‘lgan savdo kemasi qoldiqlari topildi. Bu haqda BBC xabar berdi.   

Qayd etilishicha, kema qoldiqlari Kekova oroli yaqinida, dengiz sathidan taxminan 30 metr chuqurlikda aniqlangan. Tadqiqotchilarning taxminicha, uzunligi 10 metr atrofida bo‘lgan kema O‘rta yer dengizi bo‘ylab yuk tashish uchun xizmat qilgan.

Suvosti izlanishlari davomida uchta tosh langar va 30 dan ortiq sopol idish, jumladan, amforalar topilgan. Kemaga tegishli yog‘och qismlar saqlanib qolmagan. Shu sababli uning yoshini radiokarbon usuli bilan aniqlashning imkoni bo‘lmagan.

Arxeologlar kema yoshini undagi sopol idishlarning shakli va bezaklarini o‘rganish orqali belgilagan. Idishlar ikkita tutqichga, o‘rta qismida bo‘rtib chiqqan halqaga va yassi asosga ega. Mutaxassislar ularni Misr va Yaqin Sharq hududlaridan topilgan, yoshi 4 400-4 700 yil deb baholangan boshqa sopol buyumlar bilan taqqoslagan.

Ekspeditsiyaga rahbarlik qilgan Turkiyaning Akdeniz universiteti professori Hoqon O‘nizning aytishicha, topilmalar kemaning ilk bronza davriga mansubligini ko‘rsatadi. Bu davr Misrdagi Buyuk piramida qurilgan zamon bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi.

Avstraliyaning Makkuori universiteti arxeologi Karin Sovada suvdan chiqarilgan amforalarni o‘rganish chog‘ida ayrim idishlar ichida quyuq, yaltiroq modda qoldiqlari saqlanib qolganini aniqlagan. Olimlar hozirda ushbu moddalarning tarkibini tekshirmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, idishlarda zaytun moyi, vino yoki daraxt smolasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, idishlar bir necha bor qayta ishlatilgan bo‘lishi ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda.

Topilma qadimgi O‘rta yer dengizi hududidagi savdo aloqalari haqida yangi ma’lumotlar berishi mumkin. Arxeologlar kema safarini Sharqiy O‘rta yer dengizi sohillaridan boshlagan deb taxmin qilmoqda. U qadimgi Troya shahriga yoki Krit orolida yashagan minoyliklarga yuk olib ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Kekova oroli atrofidagi kuchli oqimlar va shamollar sababli bu hududda ko‘plab kemalar halokatga uchragan. Shu bois mintaqa suvosti arxeologiyasi uchun muhim tadqiqot hududlaridan biri hisoblanadi.

Topilma Turkiya Madaniyat vazirligiga tegishli. Vazir Mehmet Nuri Ersoyning ma’lum qilishicha, suvdan chiqarilgan buyumlar Antaliyada ochilishi rejalashtirilgan yangi O‘rta yer dengizi suvosti arxeologiyasi muzeyida namoyish etiladi.

Ma’lumot uchun, ushbu topilmagacha dunyodagi eng qadimiy kema qoldiqlari sifatida Gretsiyaning Dokos oroli yaqinidan topilgan, taxminan 4 200 yillik kema qoldiqlari qayd etilgan. Yog‘och qismlari saqlanib qolgan eng qadimiy butun kema qoldig‘i esa Bolgariya sohillari yaqinidagi Qora dengiz tubidan topilgan bo‘lib, uning yoshi taxminan 2 400 yilga teng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shotlandiya sohillari yaqinida qariyb 400 yil avval cho‘kib ketgan qirollik kemasi – “Blessing of Burntisland” qoldiqlari topilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.  


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing