Turkiya razvedkasi ISHID yetakchisini yo‘q qildi
Olam
−
01 may 2023
5448Turkiya razvedka kuchlari Suriyada ISHID yetakchisi Abu Husayn al-Qurayshiyni o‘ldirdi. Bu haqda kecha, 30 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an “TRT Turk” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bu shaxs kecha Turkiya milliy razvedkasi tomonidan Suriyadagi operatsiya doirasida zararsizlantirildi”, degan Erdo‘g‘an.
Shuningdek, u razvedka tashkiloti uzoq vaqt davomida Qurayshiyni ta’qib qilganini aytgan.
Suriyaning mahalliy va xavfsizlik manbalari esa reyd mamlakat shimolidagi Jandaris shahrida bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan. Bu shahar fevral oyidagi vayronkor zilzilalar oqibatida eng ko‘p zarar ko‘rgan bo‘lib, uni Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan isyonchi guruhlar nazorat qiladi.
Aholi vakillaridan birining aytishicha, Jandaris chekkasida 30 aprelga o‘tar kechasi to‘qnashuvlar boshlangan va taxminan bir soat davom etgan. Keyinroq hudud hech kim yaqinlashmasligi uchun xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olingan.
Ma’lumot uchun, ISHID 2022 yilning noyabrida Suriya janubidagi operatsiyada terroristik tashkilotning avvalgi yetakchisi o‘ldirilganidan keyin al-Qurayshiyni yetakchi qilib tanlagan.
ISHID 2014 yilda Iroq va Suriyaning katta qismini egallab oldi va uning o‘sha paytdagi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy millionlab odamlar yashaydigan hudud bo‘ylab islomiy xalifalikni e’lon qildi.
Ammo ISHID Suriya va Iroqda AQSH, Eron, Rossiya va turli harbiylashtirilgan kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Suriya kuchlari olib borgan kampaniyalardan so‘ng hududdagi o‘z nazoratini yo‘qotdi.
Uning qolgan minglab jangarilari so‘nggi yillarda asosan ikkala mamlakatning chekka hududlarida yashiringan, ammo ular hali ham yirik hujumlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega.
AQSH boshchiligidagi koalitsiya kurdlar boshchiligidagi “Suriya demokratik kuchlari” deb nomlanuvchi alyans bilan birgalikda Suriyada ISHIDga qarshi reydlarni davom ettirmoqda.
LiveBarchasi