Turkiya Putin va Zelenskiy Istanbulda uchrashishiga ishora qildi
Olam
−
28 avgust 2025 2517 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uch raund to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tgan Istanbulda uchrashishi mumkin. Bu haqda kecha, 27 avgust kuni Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz “Haberturk” telekanali efirida ma’lum qildi.
“Zelenskiy va Putin Istanbulda uchrashishi mumkin. Nega bo‘lmasin?” dedi Yilmaz Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Ukraina mojarosini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarini eslatib.
Qayd etish joiz, Rossiya va Ukraina vakillari joriy yil davomida Istanbulda 3 marta – 16 may, 2 iyun va 23 iyul kunlari uchrashgan. Uchrashuvlar davomida tomonlar mahbuslarni almashish, shuningdek, vaziyatni hal qilish bo‘yicha memorandumlar versiyalarini almashish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
“U [Erdo‘g‘an] ikki tomonning ishonchiga sazovor bo‘lgan lider. [Qora dengiz] g‘alla tashabbusi, asirlar almashinuvi bo‘yicha aniq natijalarga erishildi. Turkiya [Ukraina] mojarosini hal qilish uchun doim muqobildir”, dedi Yilmaz.
Ma’lumot uchun, 15 avgust kuni Alyaskada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv va 18 avgustda Yevropa yetakchilarining Oq uyga tashrifidan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uy Rossiya va Ukraina Prezidentlarining shaxsiy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganini aytdi. Biroq Moskva buni tasdiqlamadi va muzokaralar “darajasini oshirish”ga rozilik haqidagi bayonot bilan cheklandi.
Ko‘p o‘tmay, Kreml vakillari o‘z bayonotlari bilan Moskvaning Ukrainaga qo‘ygan ultimatum talablari o‘zgarmaganini ko‘rsatdi. Kreml Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni o‘tkazishni to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etmadi, biroq u yaqin kelajakda uchrashuv o‘tkazmoqchi emasligini aniq bildirdi.
Shu fonda Tramp 22 avgust kuni ikki hafta ichida Moskva va Kiyevning keyingi harakatlariga qarab Ukrainadagi urush bo‘yicha “juda muhim qaror” qabul qilishini aytdi. Biroq, AQSH Prezidenti ta’kidlaganidek, u mojaro taraflariga nisbatan sanksiyalar yoki tariflar qo‘yishi yoki “hech narsa qilmasligi” mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham 26 avgust kuni kechki videomurojaatida Rossiya tomoni bilan muzokaralar Turkiyada o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Bungacha ularning uchrashuvi Vengriyada o‘tkazilishi mumkinligi xabar qilingandi. Biroq Zelenskiy buni rad etdi. U Avstriya, Shveysariya yoki Turkiyada uchrashuv o‘tkazishga rozi, ammo Vengriya yoki Rossiyada emas.
Live
Barchasi