Turkiya parlamentidagi janjalga “buyurtma” qamoqxonadan kelgan – OAV
Olam
−
13 fevral 2825 4 daqiqa
Turkiya parlamentidagi janjal buyrug‘i Silivri qamoqxonasidan kelgan. Buyruqni qamoqxonada saqlanayotgan Istanbulning sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘li emas, balki qamoqxonaga Imomo‘g‘li bilan ko‘rishishga borgan Turkiyadagi asosiy muxolifat – Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) raisi O‘zg‘ur O‘zel bergan. Bu haqda CNN Türk xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Akin Gurlekning Adliya vaziri bo‘lishi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) ichida taranglikka sabab bo‘lgan. Shu paytda O‘zg‘ur O‘zel va uning jamoasi tezkor telefonlashgan va Gurlekning qasamyodini to‘xtatish maqsadida reja tuzilgan. JXP deputatlariga parlamentda to‘liq ishtirok etish uchun xabar yuborilgan.
Voqea qanday boshlandi?
Parlamentning Raislik devonida ishlaydigan JXP a’zosi Nevin Yildirim Qoya majlisni boshqaradigan parlament raisi o‘rinbosari Bekir Bo‘zdog‘ga sabab keltirib, devonni tark etgan. Uning o‘rniga devonda Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP)dan Ishoq Shen ishtirok etgan. Keyinroq RXP Devon tashkiloti bo‘yicha qonuniylik masalasini ochganda Nevin Yildirim Qoya nima maqsadda tark etgani aniq bo‘lgan. Bu harakat JXP fraksiyasiga strategik ustunlik yaratish va parlamentdagi vazir qasamyodini to‘xtatishga xizmat qilgan.
Konstitutsiya kitobchasining uloqtirilishi
Akin Gurlek qasamyod qilayotganda uning boshiga Konstitutsiya kitobchasi uloqtirilgan. Kitobchani uloqtirgan shaxs Nevin Yildirim Qoya bo‘lgan. Turkiya tarixida oldin ham shunga o‘xshash hodisa ro‘y bergan edi: Ahmad Nejdet Sezer Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) yig‘ilishida Ejevit oldiga Konstitutsiya kitobchasi uloqtirganda Turkiya tarixidagi eng katta iqtisodiy va siyosiy inqirozlardan biriga sabab bo‘lgan.
Ikki vazir qasamyod qiladigan kuni parlamentda tarang muhit hukm surgan. ATP fraksiyasi rahbari Abdulloh Guler va fraksiya o‘rinbosari Abdulhamid Gul parlament yig‘ilishidan oldin boshqa partiyalarning fraksiya o‘rinbosarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Uchrashuvda JXP fraksiyasi o‘rinbosarlari Murod Amir va Ali Mohir Basharir ham qatnashgan.
ATP vakillari: “Konstitutsiyaga binoan bu qasamyodni o‘tkazishimiz lozim. Siz demokratik fikringizni bildiring, lekin qasamyodni o‘tkazaylik”, deyishgan. Bunga javoban JXP fraksiyasi: “Biz norozilik ko‘rsatamiz, qasamyodni o‘tkazmaymiz”, degan.
Shunda ATP demokratik fikrini bildirishini, lekin qasamyodni to‘xtatmasligini so‘ragan. JXP vakillari Murod Amir va Ali Mohir Basharir “Rahbarimizning buyruqlari bor. Shu sababli biz bu qasamyodni o‘tkazmaymiz”, deya qarshilik ko‘rsatgan.
O‘zg‘ur O‘zelning buyrug‘i
Parlamentdagi janjalning uchqunini yong‘inga aylantirgan buyruq – Silivri qamoqxonasidan O‘zg‘ur O‘zeldan kelgan. Murod Amir va Ali Mohir Basharir O‘zg‘ur O‘zelga telefon qilgan, ammo u telefonga javob bermagan. Bir oz vaqt o‘tgach, O‘zg‘ur O‘zel qamoqxonada Ekrem Imomo‘g‘li bilan uchrashuvdan chiqib, qayta qo‘ng‘roq qilgan va yanada qat’iy va qarorli tarzda “Urush bo‘lsa-bo‘lsin, lekin bugun Akin Gurlekning qasamyodini o‘tkazmaysiz”, deya buyruq bergan. Ushbu buyruqdan so‘ng Turkiya parlamentida katta janjal yuzaga kelgan.
Ali Mohir Basharirning Akin Gurlek bilan qo‘l berib ko‘rishishi
Ali Mohir Basharir devon ortidagi xonaga kirgach, avval atrofga nazar tashlagan. Adliya vaziri Akin Gurlek oldingi qatordagi o‘rindiqda, uning yonida esa Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi o‘tirgan. Shundan so‘ng ular qo‘l berib ko‘rishgan. Ali Mohir Basharir tabriklagach, Akin Gurlek o‘rnidan turib, “Rahmat, hurmatli rais” deb javob qaytargan. Shu paytda Ali Mohir Basharir unga “Siz uchun qiyin kun bo‘ladi”, degan. Gurlek esa bu gapga javob bermagan. Qo‘l berib ko‘rishgach, fraksiya raisi o‘rinbosarlari majlis raisi o‘rinbosari Bekir Bo‘zdog‘ bilan majlisga kirgan.
Imomo‘g‘li jamoasining Ali Mohir Basharirga tanqidi
Ali Mohir Basharir partiya ichida: “Ekrem Imomo‘g‘lini hibsga oldirgan Akin Gurlek bilan qanday qilib qo‘l berib ko‘rishding?” degan tanqidlardan cho‘chigani uchun omma oldida “tabriklamadim” deya aytmoqda. Biroq, u aslida “Xayrli bo‘lsin” (tabrik ma’nosida) degan. Shuningdek, u Ekrem Imomo‘g‘li tarafdorlarining keskin reaksiyasidan ham xavotirlanishi aytiladi. Ekrem Imom o‘g‘li jamoasidan Ali Mohir Basharirga qarata: “Imomo‘g‘lini qamattirgan odam bilan qanday qilib qo‘l berib ko‘rishding?” degan mazmunda keskin tanqidlar kelishda davom etmoqda.
Ali Mohir Basharir va Murod Amirning Akin Gurlek bilan qo‘l berib ko‘rishishida o‘zi muammo yo‘q – siyosat dushmanlik degani emas. Muammo shundaki, minbar ortida qo‘l berib, “tabriklayman” deyilib, minbar oldida esa janjal chiqarilmoqda. JXP a’zosi Mahmud Tanal esa rahbariyat ko‘ziga ko‘rinish uchun Akin Gurlekka zarba berishga uringani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya parlamentida deputatlar mushtlashib ketgani xabar qilingan edi. Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an holat haqida fikr bildirgan edi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi