Bu banditlik – Erdo‘g‘an parlamentdagi sharmandali qasamyod haqida
Olam
−
09:58 4188 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an muxolifat deputatlari tomonidan joriy yilning 11 fevral kuni yangi Adliya vaziri Akin Gurlekning qasamyodiga to‘sqinlik qilish maqsadida parlament minbarini egallab olishni banditlik deb atadi. U bu haqda kecha, 12 fevral kuni o‘zi rahbarligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasining mintaqaviy bo‘limlari rahbarlari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
“Vazirlarimizning qasamyod qilishiga to‘sqinlik qilish uchun ular (muxolifat) har xil jinoyatkorona usullarni qo‘lladilar, jumladan, xalq minbarini egallab oldilar. Men muxolifatning siyosiy institutga bo‘lgan ishonchni zaiflashtiruvchi, parlament obro‘siga putur yetkazuvchi va xalqimizni haqoratlovchi hujumlarini qoralayman va rad etaman”, deydi Erdo‘g‘an.
Ilgari xabar qilinganidek, Erdo‘g‘an Ichki ishlar va Adliya vazirliklarining yangi rahbarlarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Ular lavozimga kirishishdan oldin, konstitutsiyaga muvofiq, parlamentda qasamyod qilishlari shart.
Asosiy muxolifatdagi Xalq respublikachi partiyasi (XRP) 2025 yil mart oyida korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan megapolis meri Ekrem Imomo‘g‘liga nisbatan tergov boshlagan Adliya vaziri, Istanbulning sobiq bosh prokurori Gurlekning qasamyod qilishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.
Parlamentdagi majlis boshlanishidan oldin XRP vakillari vazir qasamyod qilishi kerak bo‘lgan minbarni o‘rab oldi. Keyin janjal chiqib, oqibatda hukmron partiya deputatining burni sindirildi. U shifoxonaga joylashtirildi.
Parlament vitse-spikeri Bakir Bo‘zdog‘ bir necha bor parlament majlisini to‘xtatishga majbur bo‘ldi, Gurlek oxir-oqibat qasamyod qildi. XRP Adliya vazirligi rahbari tomonidan qilingan qasamyodni haqiqiy emas deb e’lon qildi.
Live
Barchasi