Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATOga kirishiga rozi bo‘ldi
Olam
−
24 yanvar
2720Kecha, 23 yanvar kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlament) Shvetsiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilishni ma’qulladi. Ovoz berish jarayoni TRT Haber davlat telekanalida tranclyatsiya qilindi.
Parlamentdagi 346 deputatdan 287 nafari tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, 55 nafari qarshi, to‘rt nafari betaraf qolgan.
Parlament qarori mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan imzolangan farmondan so‘ng kuchga kiradi va hujjat rasmiy hukumat nashri – “Resmi Gazete”da e’lon qilinadi. Davlat rahbari farmonni imzolash masalasini 15 kun ichida ko‘rib chiqishga haqli.
“Bugun biz NATOning to‘laqonli a’zosi bo‘lishga bir qadam yaqinlashdik”, deydi Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson Anqarada ovoz berish natijalariga izoh berib.
Ma’lumot uchun, Shvetsiya 2022 yil may oyida Finlyandiya bilan birgalikda Shimoliy Atlantika alyansiga kirish uchun ariza topshirgan. Finlyandiya o‘tgan yilning 4 aprelida blokning 31-a’zosiga aylandi. Stokgolm esa Vengriya va Turkiyadan hali yakuniy ruxsat olmagan. Shunday qilib, Anqara so‘rovning ratifikatsiya qilinishini Stokgolmning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha va’dalarini bajarishi bilan bog‘laydi.
O‘tgan yilning iyul oyida Shvetsiya Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida mamlakatning NATOga arizasini ratifikatsiya qilish evaziga Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini osonlashtirishga rozi bo‘lgan edi. Shu bilan birga, Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg Skandinaviya davlatining blokka qo‘shilishi va Anqaraning ittifoqqa qo‘shilishi masalalari “bir-biriga bog‘liq emas”ligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Vengriya qirollikni NATOga qabul qilish bo‘yicha ovoz berishni keyinga qoldirdi. Bu Stokgolm Budapesht bilan munosabatlarga putur yetkazayotgani va doimo "ma’naviy ustunlik" ko‘rsatayotgani bilan izohlandi.
LiveBarchasi