Turkiya notinch. Erdo‘g‘an ketadimi?

Tahlil

Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi vijdonsizliklaridan so‘ng tarixan madaniy va ilmiy markaz sifatida tanilgan Shom diyorining katta qismi yashash uchun yaroqsiz holatga keldi. Bu esa o‘z-o‘zidan Suriyani tark etishdan boshqa iloji qolmagan millionlab insonlar oqimini vujudga keltirdi.  2011 yildagi “Arab bahori” Suriyada fuqarolar urushi avj olishida kerosin vazifasini o‘tadi. Islom sivilizatsiyasining gultojlaridan biri bo‘lgan Damashq va Suriyaning boshqa shaharlari alanga ichida qoldi. Suriya dahshat ichida edi. Bu tartibsizliklar boshlanganidan keyin suriyalik qochqinlar oqimining katta qismi Turkiyaga yo‘l oldi. Ular uchun geografik nuqtai nazardan yaqin va chegaradosh, ustiga-ustak qo‘shni davlatlar ichidagi eng rivojlangani sifatida Turkiyadan qo‘nim topishdan boshqa chora yo‘q edi. O‘sha paytda turk elitasi bu mazlumlardan o‘z marhamatini darig‘ tutmadi. Qochqinlar uchun alohida hududlar va lagerlar tashkil qilindi. Vaqt o‘tishi bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning suriyalik qochqinlarga nisbatan yanada xayrixohlik bilan amalga oshirgan siyosati mamlakat hududidagi suriyalik qochqinlar sonini 3 millionga yetishiga olib keldi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida ayrim yillarda qochqinlarning eng yuqori nuqtasi 3,6 millionga yetgan. Raqamlar bu ko‘rsatkichga chiqqach, ushbu omil mamlakatda iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarayotgani haqidagi gap-so‘zlar ancha ko‘paygandi. Bu esa o‘z o‘rnida migrantlarga qarshi kayfiyat kuchayishiga olib kelgandi.

Norozilik alangasi. Bundan Erdo‘g‘anning ketishi ko‘zlanganmi?

Joriy yil iyun oyi oxirida bundan bir hafta muqaddam 26 yoshli suriyalik qochqin yigit Turkiyaning Kayseri shahridagi mahalliy bozorda o‘z millatiga mansub bo‘lgan 5 yashar qizchani zo‘rladi va bu mahalliy fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lgan holda Turkiya bo‘ylab noroziliklar avj olishiga sabab bo‘ldi. Tartibsizliklar joriy yilning 30 iyun kuni tunda Turkiyaning markaziy qismidagi Kayseri shahrida boshlandi. G‘azab otiga mingan turklar uchun suriyalik qochqinlarning mol-mulklari asosiy nishonga aylandi. Shahar ko‘chalarida mashinalar yoqib yuborildi. Mahalliy aholi tunda Suriyadan kelgan qochqinlarga tegishli do‘kon va mashinalarga o‘t qo‘ydi. Shahardagi tartibsizliklarda 14 nafar politsiyachi va bir nafar o‘t o‘chiruvchi tan jarohati oldi. Kayseri ma’muriyati jinsiy zo‘ravonning qo‘lga olingani va u qonun doirasida o‘z jazosini olishini e’lon qildi. Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya esa suriyalik qizaloq va uning oilasi Turkiya davlati himoyasiga olinganini qo‘shimcha qilgan. Lekin bu norozilik alangasini o‘chirish  uchun yetarli bo‘lmadi. “Reuters” agentligining xabar berishicha, tartibsizliklar boshlangandan buyon Turkiya politsiyasi tomonidan suriyaliklarga tegishli avtomobil va mulklarni buzib, yoqib yuborgan turk erkaklarining 474 nafari hibsga olingan. Agentlik keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan.

Dastlab Suriyadan kelgan qochqinlarga qarshi boshlangan bu noroziliklar to‘lqini to‘satdan o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan holda Erdo‘g‘an iste’fosini talab qilish tomon burildi. Norozilik kayfiyati Konya, Gaziantep, Hatayda ham qayd etildi. Istanbul va Antaliyada ham vaziyat shiddat bilan keskinlashgan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, yetti suriyalik halok bo‘lgan, deyarli besh ming kishi hibsga olingan va Anqara shimoldagi chegarani yopgan. Bunday keskin sharoitda esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tilga kirdi va qochqinlarga nisbatan zo‘ravonlik va ksenofobiyani qo‘zg‘atish xato ekani, bu orqali hech nimaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi. Norozilik va buning oqibatida kelib chiqqan tartibsizliklar o‘z mohiyati va talablarini o‘zgartirib, Prezident iste’fosini talab qilish boshlanishi bir qator shubhalarni ham keltirib chiqardi. Xususan, Erdo‘g‘an ma’muriyati Turkiyaga qarshi bunday harakatlar mamlakatdagi siyosiy vaziyatni izdan chiqarish uchun uyushtirilganini aytib, jamoatchilikni noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmaslikka va rasmiy bayonotlarga qarab ish tutishga chaqirdi. Mamlakatdagi og‘ir vaziyatni jilovlashga harakat qilayotgan Turkiya Ichki ishlar vazirligi Kayseridagi voqealar bilan bog‘liq provokatsion ma’lumotlarni tarqatgan ijtimoiy tarmoqdagi 60 dan ortiq akkauntni aniqlab, ularni bloklagan. Akkaunt egalariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Vaziyat keskin tus olgan joylar internetdan uzilgan.

Turkiyadagi muxolifatning “kuni tug‘di”

Norozilik namoyishlari Turkiya muxolifatining dil torlarini chertib yubordi. Tartibsizliklar fonida ular tomonidan yangrayotgan tanqidlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorin kabi bolalamoqda. Masalan, muxolifatdagi Respublika Xalq partiyasining parlament deputati Ashkinjenkning aytishicha, migratsiya inqirozi hukumatning loqayd va samarasiz siyosati oqibatidir. Turkiya zudlik bilan ijtimoiy totuvlikni ta’minlaydigan migratsiya siyosatini ishlab chiqishi kerak. Uning qo‘shimcha qilishicha, endi so‘z emas, harakat vaqti kelgan.

Millatchi Harakat partiyasidan yana bir parlament a’zosi Ismoil O‘zdemir esa vaziyatni shunday izohladi: “Kayserida farzandimizga nisbatan qilingan g‘ayriinsoniy harakat bir suriyalikning hibsga olinishi va sud jarayonining boshlanishi bilan cheklandi xolos”.

Bizningcha, janob O‘zdemirning jinsiy zo‘ravonlikka uchragan qizaloq turk emas, balki suriyalik ekanligidan xabari yo‘q chamasi.

Ushbu marginal siyosiy keskinlik vaqtida hatto siyosatchilar darajasida suriyalik qochqinlarga o‘z uylariga qaytish kerakligi uqtirilmoqda. Xususan, Turk millatchi muxolifatchisi, G‘alaba partiyasi yetakchisi Umit O‘zdag‘ o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida “uyga qayting” deya post qoldirdi.

Qochqinlar haqidagi hayratlanarli statistika

Qochqinlar masalasidagi taranglik yaqin ikki yil ichida asta-sekin tartibga solinayotganini, ularning Turkiyadagi ulushi keskin kamayayotganini e’tirof etish lozim. Masalan, 2023 yil avgust holatiga ko‘ra, Turkiyada ro‘yxatga olingan vaqtinchalik himoya ostidagi suriyaliklar soni 3 million 300 ming kishini tashkil qilgan. O‘sha yili suriyaliklar soni yil boshidan buyon 205 mingga kamaygandi. Bu hazilakam raqamlar emas. 

Erdo‘g‘anning bu boradagi bag‘rikeng siyosati esa – alohida mavzu. Tinch boshpana ilinjida o‘z yurtini tashlab chiqqan suriyalik qochqinlar turk diyorida yomon kutib olinmadi. Ular uchun hatto o‘zlarining mamlakatida Bashar Asad ham yaratib bermagan sharoitlar taqdim qilindi. Masalan, qochqinlar uchun alohida vaqtinchalik turarjoy markazlari tashkil qilindi. Hayratlanarlisi shundaki, ular qishloqlarga emas, balki Turkiyaning markaziy shaharlaridan o‘rin oldi. Xususan, 2023 yil avgust holatiga ko‘ra, shaharlarda yashovchi suriyaliklar soni 3 million 230 ming kishi deb e’lon qilindi. Ular Anqara, Antaliya, Bursa, Chanoqqal’a, Edirne, Hatay, Istanbul, Izmir va boshqa shaharlardagi jami mingdan ortiq mahallalardan qo‘nim topishdi.

Suriyadan aks-sado

Suriya fuqarolariga qilinayotgan munosabatga nisbatan o‘sha kunning o‘zida Suriyaning shimoli-g‘arbiy hududida Turkiyaga qarshi namoyishlar boshlandi. Suriya Inson huquqlari monitoring markazi bergan xabarlarga ko‘ra, ushbu mojaroda Turkiyada bo‘lgani singari kamida yetti kishi halok bo‘lgan va 20 dan ortiq kishi yaralangan. Tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, namoyishlarda yuzlab odamlar ishtirok etgan, ularning bir qismi qurollangan. Ishtirokchilar Turkiya bayroqlarini yirtib tashlagan. Afrin va Jarabulus shaharlarida hatto namoyishchilar bilan turk askarlari o‘rtasida keskin ziddiyat yuzaga kelib, bu to‘qnashuvlar o‘lim holatini ham keltirib chiqargan. Shuningdek, Suriya hududida turkiyalik yuk mashina haydovchilariga tez-tez hujumlar uyushtirilmoqda. Bunga javoban Turkiyada ommaviy axborot vositalari nazorat-o‘tkazish punktlarida suriyalik jinoiy to‘dalarning 25 nafar a’zosi yo‘q qilingani xabar berdi.

Ma’lumot uchun, suriyaliklar bilan bog‘liq qurolli to‘qnashuv ilk marta 2011 yilda Turkiyaga yuz minglab Suriya aholisi kirib kelganida yuzaga kelgandi. Mahalliy aholi va qochqinlar orasidagi 13 yildan buyon davom etib kelayotgan keskinlik ortda qolgan yaqin kunlar ichida o‘zining pik nuqtasiga chiqdi va endilikda ushbu masala yuzasidan voqealar rivoji qanday kechishi tobora mavhumlashmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ismoil O'zdemir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made