Turkiya muxolifati yetakchisi Britaniya ustidan yozg‘irdi

Olam

image

Turkiyaning asosiy muxolifati sanalmish Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) raisi O‘zg‘ur O‘zel mamlakatda davom etayotgan namoyishlarga Buyuk Britaniya reaksiya bermayotganidan yozg‘irdi. Bu haqda u BBC'ga bergan intervyusida so‘z ochgan.

Intervyu davomida JXP raisi O‘zg‘ur O‘zel Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga nisbatan sukut saqlagan Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerga murojaat yo‘llagan.

“Biz o‘zimizni tashlandiq his qilyapmiz”, degan u.

Qolaversa, u Buyuk Britaniya bu haqda hech narsa demayotganini ham aytib o‘tgan.

“Sabab nima, sabab nima? Butun Yevropa reaksiya bildirayotgan bir paytda biz Britaniya Leyboristlar partiyasidan Starmer nima uchun bu haqda hech narsa demaganini haqiqatdan ham tushunmayapmiz. Biz o‘zimizni tashlab ketilgandek his qilamiz. Istanbul merini olib, qamoqqa tashlashadi, Britaniya esa bu haqda hech narsa demaydi”, degan u o‘z intervyusida.

Ma’lum qilinishicha, O‘zg‘ur O‘zel bilan birga Ekrem Imomo‘g‘lining rafiqasi Dilek Imomo‘g‘li ham “The Economist” nashriga intervyu berib, Turkiya hukumati ustidan shikoyat qilgan.

“Turmush o‘rtog‘im Ekrem Imomo‘g‘li 19 mart kuni erta tongda hibsga olinganida, butun Turkiya bo‘ylab millionlab odamlar xuddi men kabi shularni his qildi: qayg‘u, adolatsizlik hissi va g‘azab kuchayib ketdi. So‘nggi yigirma yil ichida, bu hukumatning hokimiyati davrida ko‘p odamlar mamlakat tobora avtoritar rejimga qarab ketayotganini ko‘rishlari kerak edi”, degan Ekremning rafiqasi.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Imomo‘g‘li va 99 gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy tashkilot yetakchisi bo‘lish, jinoiy tashkilotga a’zolik, tovlamachilik, poraxo‘rlik, malakali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish va tender savdolarini soxtalashtirishda, Imomo‘g‘li va yana 6 kishi esa qurolli terror tashkilotiga yordam berish bilan gumonlangandi.

23 mart kuni sud Ekrem Imomo‘g‘lini korrupsiya tergovi doirasida hibsga olishga qaror qildi. Bosh prokuratura Imomo‘g‘li “qurolli terror tashkilotiga yordam berganligi bo‘yicha kuchli gumon” borligini, ammo uni moliyaviy jinoyatlar uchun hibsga olish qarori allaqachon chiqarilgani sababli, uning yana hibsga olinishi “hozirgi bosqichda zarur emas”ligini bildirdi.

O‘sha kuni Ekrem Imomo‘g‘li prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilishi uchun 14,85 milliondan ortiq kishi ovoz berdi. 

Mazkur voqealar fonida Turkiyaning yirik shaharlarida namoyishlar avj oldi. Namoyishlarda 1 mingdan ortiq odam hisga olindi. Ular orasida Prezident Erdo‘g‘an va uning marhum onasini haqorat qilganlar ham bor. Erdo‘g‘anning o‘zi namoyishlarda qatnashganlarni bunday harakatlarining oqibatlaridan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Buyuk Britaniya Ekrem Imomo'g'li O'zg'ur O'zel Jumhuriyat Xalq partiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing