Turkiya muxolifati 20 yil ichida ilk bor mahalliy saylovlarda Erdo‘g‘anning partiyasini mag‘lub qildi 

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi so‘nggi 20 yil ichida ilk bor munitsipal saylovlarda asosiy muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasiga mag‘lub bo‘ldi. Ovoz berish natijalarini e’lon qilish vakolatiga ega bo‘lgan TRT davlat telekanalining so‘nggi ma’lumotlari shuni ko‘rsatdi.

Telekanal tomonidan uzatilgan norasmiy dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, protokollarning deyarli 95 foizi hisoblab chiqilganidan so‘ng, “Jumhuriyat Xalq” partiyasi yirik shaharlar merlari lavozimlari uchun kurashda 37,3 foiz, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi esa 35,7 foiz ovoz olgan.

Oxirgi o‘n yilliklarda birinchi marta muxolifat respublikaning barcha yirik shaharlarida, jumladan Adana, Anqara, Antaliya, Bursa, Izmir va Istanbulda g‘alaba qozondi.

Mansur Yavash Anqara meri bo‘lib qolmoqda, u 59,5 foiz ovoz bilan “Adolat va taraqqiyot” partiyasidagi asosiy raqibi Turg‘ut Oltinok (32 foiz)ni ortda qoldirdi. Ekrem Imomo‘g‘li 50,8 foiz ovoz bilan Istanbul meri lavozimida qolmoqda. Hukmron partiya nomzodi Murat Kurum 40% ovoz olgan. Antaliya va Izmir an’anaviy ravishda muxolifatning tayanch nuqtalari hisoblanadi va u yerda nomzodlar o‘rtasidagi tafovut muxolifat foydasiga taxminan 10 foizni tashkil qiladi.

Turkiya Oliy saylov komissiyasi bugun, 1 aprel kuni saylovning dastlabki natijalarini e’lon qilmoqchi. Ayni paytda partiya yetakchilari va nomzodlar allaqachon g‘alabani e’lon qilgan yoki mag‘lubiyatini tan olgan. Yavash va Imomo‘g‘li saylovlardagi g‘alabasini nishonladi.

"Saylov uchastkalaridan kelgan protokollarning 96 foizini sanash natijalariga ko‘ra, biz 52 foizdan ko‘proq, ya’ni 1 milliondan ortiq ovoz oldik. Saylovda g‘alaba qozondik. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga rahmat", degan Imomo‘g‘li Istanbulda so‘zlagan nutqida.

U 2019 yildan beri Istanbulni boshqarib keladi, o‘shanda u saylovlarda 54,2 foiz ovoz olgan. Imomo‘g‘li 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan Turkiya Prezidenti saylovida potensial nomzod sifatida ko‘riladi.

“Jumhuriyat Xalq” partiyasi rahbari O‘zg‘ur O‘zel o‘z partiyasining juda katta muvaffaqiyatini ta’kidlab, "1978 yildan beri birinchi marta davlat televideniyesi ushbu partiyani ovoz berish lideri deb ataganini" alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, Erdo‘g‘an partiyasi saylovlarda kerakli natijalarga erisha olmaganini tan oldi, ammo bu “oxiri emas, balki burilish nuqtasi” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi kerakli xulosalar chiqaradi, sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qiladi va yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatadi.

“2023 yilning may oyida bo‘lib o‘tgan [umumiy va prezidentlik] saylovlarida g‘alaba qozonganimizdan to‘qqiz oy o‘tib, afsuski, munitsipal saylovlarda biz xohlagan va kutgan natijaga erisha olmadik. Natijalar tahlil qilinadi. Saylov qutilari orqali xalq bizga o‘z so‘zini, xohish-irodasini, ogohlantirishini yetkazdi. Biz xalqimizning qarorini e’tiborsiz qoldirmaymiz, uning irodasiga qarshi harakat qilmaymiz va uni shubha ostiga qo‘ymaymiz”, deydi u Anqarada.

Erdo‘g‘an saylovlarni demokratiyaga loyiq deb atadi. U yaqin to‘rt-besh yil ichida “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va u rahbarlik qilayotgan ma’muriyat "yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilashi"ni tushuntirdi. 

"O‘tgan yili boshlangan umumiy va munitsipal saylovlar marafon bugun yakuniga yetdi. Bizda hali to‘rt yildan ko‘proq vaqt bor. Ushbu to‘rt-besh yil ichida biz o‘zimizning dolzarb muammolarga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Mamlakatimiz, ayniqsa, zilziladan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash, iqtisodiy muammolarimizni hal qilish bo‘yicha ishlaymiz. Millatning saylovlarda bizga bergan xabarlarini imkon qadar to‘g‘ri va ob’ektiv tahlil qilish uchun hamma narsani qilamiz. Biz yana bir bor xalqimizga va butun Turkiyaga va’da beramiz: 85 million fuqaromizning har birining farovonligi, tinchligi, xavfsizligi va umidini yaxshilash uchun tinmay, dam olmasdan mehnat qilamiz" deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, saylovlar tinch muhitda, jiddiy hodisalarsiz o‘tgan va demokratiya uchun yaxshi sinov bo‘lgan. 

“Ular biz uchun oxiri emas, balki burilish nuqtasining boshlanishi edi”, deya ta’kidlaydi Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan munitsipal saylovlar paytida odamlar orasida janjal chiqqan va oqibatda ikki kishi vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Anqara Ekrem Imomo'g'li munitsipal saylovlar Adolat va taraqqiyot Jumhuriyat Xalq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing