Turkiya harbiy bazasi uchun Liviya portini qariyb 100 yilga ijaraga oldi

Olam

image

Turkiya Liviya shimoli-g‘arbidagi Homs portini 99 yilga ijaraga oldi va u yerda o‘z harbiy bazasini joylashtiradi. Bu haqda manbalarga tayanib, TGRT telekanali xabar berdi.

Bunday harakat Turkiyaning Sharqiy O‘rtayer dengizidagi suverenitetini mustahkamlashi, Turkiya hududiy suvlari ustidan nazoratni kuchaytirishi va savdo kemalarining xavfsizligini ta’minlashi aytilmoqda.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyaning jangovar samolyotlari va havo hujumidan mudofaa tizimlari ushbu mintaqada yaratiladigan harbiy bazaga joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Aytish joizki, Turkiya hukumati 2019 yilning noyabr oyida Liviya Milliy birlik hukumati (MBH) bilan ikki davlat o‘rtasida dengiz zonalarini delimitatsiya qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan. O‘tgan yilning 3 oktyabrida MBH Turkiya bilan neft va gaz sohasida ikkita yangi anglashuv memorandumini tuzgan. Hujjatlardan birida birgalikda geologik qidiruv ishlari olib borish ham nazarda tutilgan. 

Biroq Liviyadagi boshqa bir hukumat tuzgan Vakillar palatasi (parlamenti) rahbari Akila Solih o‘sha kuni imzolangan hujjatlarni haqiqiy emas deb atagan va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga MBH va Anqara o‘rtasidagi ushbu anglashuv memorandumlarini tan olmaslikni so‘rab xabar yuborgan. Shuningdek, Misr va Gretsiya ushbu kelishuvlarga qarshi chiqqan.

Ma’lumot uchun, hozirda Liviyada amalda ikkita hukumat mavjud: mamlakat sharqida parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Fathi Bashaga boshchiligida va bosh qarorgohi Tripolida joylashgan MBH. BMT tomonidan Jeneva kelishuvlaridan keyin belgilangan o‘tish davri 2022 yilning 22 iyunida tugagan. Aslida muddat oxiriga qadar Liviyada saylangan prezident va parlament paydo bo‘lishi kerak edi. Biroq 2021 yil dekabriga belgilangan saylovlar bekor qilingan va ularning o‘tkaziladigan sanasi hali ham aniqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Liviya harbiy baza Homs porti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing