Turkiya koronavirusni davolash bo‘yicha yangi tizimga o‘tyapti, maktablar ochilishi aytildi
Olam
−
19 avgust 2020
8122Turkiyada koronavirusga chalinish holati oxirgi bir yarim oy ichida birinchi marta rekord darajaga chiqdi. So‘nggi 24 soat ichida mamlakatda 1 303 kishida koronavirus aniqlandi. 23 kishi vafot etdi. Bugungacha koronavirus aniqlanganlar 253 108 nafarga yetdi. Umumiy o‘lim soni esa 6 039 tani tashkil etmoqda. So‘nggi sutkada 1002 bemor sog‘aygan va jami tuzalganlar 233 915 nafarga yetgan.
Ma’lumki, Turkiya dunyo bo‘yicha karantindan birinchi bo‘lib chiqqan mamlakat bo‘ldi. So‘nggi vaqtlarda Turkiyada yana karantin choralarining qaytarilishi dunyo mamlakatlari orasida kulgiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘ja bunga nisbatan shunday deydi:
“Turkiyaning ushbu kasallik bilan kurashiga muvaffaqiyatsizlik tamg‘asini yopishtirmoqchi bo‘lganlar yo pandemiyaning qanday jiddiy kelganini bilmaydi, yo bilsa ham siyosat sabab buni unutish yo‘lini tanlaydi”.
Uning qayd etishicha, Turkiyada bemorlarni dori-darmon bilan ta’minlashda hech qanday muammo yo‘q. Aksincha, ayni vaqtda 4 ta kompaniya antivirus dorilar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda.
Shuningdek, vazir Turkiya sog‘liqni saqlash tizimida qo‘llanilishi kutilayotgan yangi tizim haqida xabar berdi. Uning qayd etishicha, endi shifokorlar teletibbiyot dasturi orqali bemorlari bilan onlayn-muloqotda bo‘ladilar va ularning holatini nazorat qilib boradilar.
Vazirga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakat shifoxonalarida tashkil etilgan koyka o‘rinlarining 51,3 foizi, og‘ir bemorlar uchun tayyorlangan koykalarning 64,8 foizi, sun’iy havo moslamalari bilan jihozlangan o‘rinlarning 31,7 foizi to‘lgan.
“Koronavirusga chalinish holatlarining ko‘payishi hamma tarafdan o‘zimizga bog‘liq. Maska, ijtimoiy masofa va ozodalikka qat’iy amal qiling”, deydi Ko‘ja.
Uning ma’lum qilishicha, joriy yilning 21 avgustidan maktablar ochilishi kutilmoqda.
LiveBarchasi