Turkiya Qoradengiz bo‘g‘ozlaridan kemalar o‘tishi uchun to‘lovni oshiradi
Olam
−
05 iyun 2023
4642Turkiya 1 iyuldan Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlarining Qora dengiz bo‘g‘ozlari orqali kemalar o‘tishi uchun to‘lovni 8,83 foizga – bir tonnasi uchun 4,42 dollargacha oshiradi. Bu haqda “Aydinlik” nashri mamlakatning Transport va infratuzilma vazirligi huzuridagi Dengizchilik bosh boshqarmasi qaroriga tayanib, xabar berdi.
Ushbu chora g‘aznaga qo‘shimcha 900 million dollar olib kelishi kutilmoqda. Miqdor 1936 yilda bo‘g‘ozlarda navigatsiyani tartibga soluvchi Montryo konvensiyasi imzolangandan beri oltin frank asosida hisoblanadi. Yig‘imlardan tushgan mablag‘lar tibbiy yordam va favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilish, shuningdek, mayoqlarning ishlashini ta’minlashga sarflanadi.
Bundan tashqari, oltin franki bundan buyon qat’iylashtirilmasligi va Transport va infratuzilma vazirligi tomonidan har yilning iyun oyi oxirida – 1 iyuldan boshlab yangilanishiga qaror qilindi.
O‘tgan yilning oktyabr oyida Turkiya savdo kemalarining Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlaridan o‘tish narxini besh barobarga oshirgan edi. Mamlakatning o‘sha vaqtdagi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li 2022 yilning bahorida Konvensiyaga muvofiq Anqara Rossiya va Ukraina harbiy kemalari uchun Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlarini yopganini va mart oyidan buyon birorta ham harbiy kema Qora dengizga bo‘g‘oz orqali kirmaganini aytgan edi.
LiveBarchasi