Dunyo tarixidan Turkiston yulib olinsa, unda qiymatli hech narsa qolmaydi – Sayid Yusuf

Jamiyat

image

Turkiy xalqlar tarixidan Turkiston yulib olinsa, unda qiymatga ega boshqa hech narsa qolmaydi. Hatto, dunyo madaniyati tarixidan Turkistonni chiqarsak, undan ham hech narsa qolmaydi. Bu haqda TURKSOY – Turkiy madaniyat tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Sayid Yusuf Toshkentda o‘tgan konferensiyadagi nutqida so‘z ochdi. 

Gap shundaki, bugun, 5 dekabr kuni Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT), Turkiy davlatlar geografik kengashi (TDGK) hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O‘zJOKU) hamkorligida “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistondan olimlar, professor va fan doktorlari ishtirok etdi. 

Konferensiya jadid Abdulhamid Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?” she’ri bilan kuylangan qo‘shiq sadolari ostida ochildi. 

So‘ngra, Xalqaro Turkiy Madaniyat Tashkiloti “Turksoy” bosh kotibi o‘rinbosari, professor, doktor Sayid Yusuf so‘zga chiqib, turkiy xalqlar madaniyatining ahamiyati haqida gapirdi. 

“Turkiy xalqlar tarixidan Turkiston yulib olinsa, unda qiymatga ega boshqa hech narsa qolmaydi. Hatto, dunyo madaniyati tarixidan Turkistonni chiqarsak, undan ham hech narsa qolmaydi. Men Hindistonni, Pokistonni kezdim, Afrikaning markazidan Sudanga qadar bordim. U yerlarda o‘z tilini unutgan millionlab turkiylar bilan ko‘rishdim. Hindistondagi turkiylar 50 milliondan kam emas va ular menga shunday dedi: “Biz turkiymiz va turkiy tilni o‘rganishni istaymiz. Bizning turkiy maktablarimiz, turkiy kollejlarimiz bor”. Dunyoning to‘rt tarafidagi turklarga, qardoshlarimizga madaniyatimizni yetkazish juda muhim”, deydi professor. 

Tadbirda so‘zga chiqqan TDGKning bosh kotibi Oybek Norinboyevning bildirishicha, 2024 yil fevral-mart oylarida ham Turkiy Davlatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Qoraxoniylarga bag‘ishlangan konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy davlatlar tashkiloti TURKSOY

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing