Turkiya Isroilning harakatlarini keskin qoraladi
Olam
−
04 iyul 2023
5172Turkiya Isroilning G‘arbiy Sohildagi harakatlarini keskin qoralab, zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Xoqon Fidan iordaniyalik mavqedoshi Ayman as-Safadiy bilan Anqarada o‘tkazgan muzokaralaridan so‘ng ma’lum qildi.
“Isroilning falastinlik tinch aholiga qarshi harakatlarini keskin qoralaymiz. Iordaniya bilan birgalikda mintaqada tinchlikni ta’minlash uchun harakat qilamiz”, degan Fidan
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham Isroil armiyasining maxsus operatsiyasini qoralab, bu mintaqada zo‘ravonlikning yangi bosqichiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Isroil armiyasining yirik kuchlari Jenin shahriga kirib kelganidan so‘ng xavfsizlik kuchlari va falastinliklar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlangan. Oqibatda 10 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan. Qizil yarim oy jamiyati qochqinlar lageridan yuzlab oilalar evakuatsiya qilinganini e’lon qilgan. Falastin rahbariyati Jenindagi harbiy amaliyotlar munosabati bilan Isroil bilan barcha aloqalarni to‘xtatishga qaror qilgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Jeninni “terrorchilar boshpanasi” deb atagan va shahardagi aksilterror operatsiyasi maqsadlariga erishilgunga qadar davom etishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 3 iyulga o‘tar kechasi Isroil armiyasi Jenin va shu nomdagi qochqinlar lagerida keng ko‘lamli aksilterror operatsiyasi boshlanganini e’lon qilgandi. Operatsiyaning birinchi kunida Isroil havo hujumi uyushtirdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati esa Isroilning maxsus operatsiyasini qo‘llab quvvatlashini bildirdi.
LiveBarchasi