Turkiya Isroilni Al-Aqso borasida ogohlantirdi

Olam

image

Turkiya Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning Al-Aqso masjidiga nisbatan provokatsion harakatlarini qabul qilmaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li isroillik hamkasbi Eli Koen bilan telefon orqali muloqotda so‘z ochdi. 

“Vazir Chavusho‘g‘li Koenga mamlakatimizning Falastin masalasiga nisbatan sezgirligi va umidlarini eslatib o‘tdi va shu nuqtai nazardan Turkiya Isroil Milliy Xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvirning bir kun avval Al-Aqso masjidiga qarshi provokatsion harakatlarini qabul qilib bo‘lmas deb bilishini ta’kidladi”, deyiladi bayonotda.  

Turkiya Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Anqara Al-Aqso maqomini saqlab qolishga katta ahamiyat berishini bildirgan. U suhbatdoshiga Turkiya bundan buyon ziyoratgohga qarshi har qanday provokatsion harakatlarning oldi olinishini kutayotganini ma’lum qilgan. 

Suhbat chog‘ida turkiyalik vazir Eli Koenni Isroil TIV rahbari etib tayinlangani bilan tabriklagan. Tomonlar Anqara va Tel-Aviv o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun birgalikda harakat qilishga kelishib olgan. 

Eslatib o‘tamiz, o‘zining provokatsion harakatlari bilan mashhur bo‘lgan Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir joriy yilning 3 yanvar kuni ertalab Islomning muqaddas maskani – bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga kirdi. Ben Gvirga Isroil politsiyasi xodimlari hamrohlik qilib, Harami Sharifga (Ma’bad tog‘iga) bordilar. 

Milliy xavfsizlik vaziri besh yil ichida Islomning uchinchi muhim ziyoratgohi hududiga kirib kelgan Isroil Vazirlar Mahkamasining birinchi a’zosi bo‘ldi. 

Vazirning xatti-harakatlari musulmon dindorlarning e’tiroziga sabab bo‘lib, bosib olingan Falastin hududlarida keskinlikni oshirdi. 

Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Qatar va Quvat, BAA va Turkiya Isroil Milliy xavfsizlik vazirining harakatlarini qoraladi.

Ma’lumot o‘rnida, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.

Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.

Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.

Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning may oyida Isroil-Falastin mojarosi keskinlashib, to‘qnashuvlar boshlangandi. 7 may kuni boshlanib, 11 kun davom etgan o‘zaro havo hujumlari natijasida G‘azo sektorida yashovchi 232 nafar arab halok bo‘lgan va 1900 ga yaqini jarohat olgan. Isroilda esa 12 nafar inson vafot etgan, yuzlab odamlar yaralangan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Isroil Al-aqso

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing