Turkiya Isroil ozod qilgan 15 falastinlikni qabul qiladi

Olam

image

Turkiya Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga ko‘ra, qamoqdan chiqqanidan keyin Falastinni tark etishi shart bo‘lgan 15 nafar falastinlik mahbusni qabul qiladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Turkiya xavfsizlik tuzilmalaridagi manbalarga ko‘ra, Isroilning 2023 yil 7 oktyabrdan 2025 yil 13 yanvariga qadar G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida 50 mingga yaqin odam halok bo‘lgan, 100 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Uzoq yillardan beri Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab falastinliklardan tashqari, G‘azodan 15 ming kishi ham turli sabablar bilan qo‘lga olingan.

O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvda Isroil asirlarni ozod qilish evaziga ma’lum miqdordagi mahbus va mahkumlarni ozod qiladi, degan band bor edi. Unga ko‘ra, Isroil tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan falastinliklarning bir qismi ozod etilganidan keyin qaytish huquqisiz Falastindan chiqarib yuborilishi kerak.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning buyrug‘iga ko‘ra, Turkiya va boshqa bir qancha davlatlar qamoqdan chiqqanidan so‘ng vatanidan uzoqda yashashga majbur bo‘lgan falastinliklarning bir qismini qabul qiladi.

Bildirilishicha, Turkiya Milliy Razvedka Tashkiloti (MIT) birinchi bosqichda Falastindan chiqarib yuboriladigan 15 nafar falastinlikning Misr orqali Turkiyaga yetib borishini ta’minlash uchun choralar ko‘rmoqda. Falastinliklarning Turkiyada tinch va xavfsiz hayot o‘rnatishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xavfsizlik manbalari Erdo‘g‘anning tinchlik va insoniy mas’uliyat nuqtai nazari doirasida Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash missiyasining davom etishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 16 yanvar kuni Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar vakillari Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. Kelishuv 19 yanvar kuni kechqurun kuchga kirdi va HAMAS uch nafar shaxsdan iborat birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi. 1 fevral kuni HAMAS garovdagi 3 nafar isroillikni, Isroil esa 83 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing