Turkiya Isroil bilan barcha iqtisodiy aloqalarni uzdi
Olam
−
29 avgust 2025 7217 2 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan mamlakat Isroil bilan barcha iqtisodiy va savdo munosabatlarini to‘xtatgani hamda o‘z havo hududini Isroil samolyotlari uchun yopganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 29 avgust kuni G‘azo bo‘yicha parlamentdagi navbatdan tashqari majlisda aytdi.
Fidanning so‘zlariga ko‘ra, Isroil ikki yildan beri G‘azoda “genotsid” sodir etish bilan bir paytda xalqaro huquqni qasddan buzib kelmoqda. Turkiya o‘ziga hamfikr bo‘lgan davlatlarni Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘liq to‘xtatish va savdoni butunlay uzishga chaqirmoqda.
Fidan Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham jamoatchilikning Isroil siyosatiga qarshiligi kuchaygani, hatto ilgari Tel-Avivni qo‘llab-quvvatlagan ayrim davlatlar endi ikki davlatli yechim tarafdori bo‘lganini qayd etgan.
Uning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Malta, Yangi Zelandiya, Portugaliya va Avstraliyaning Falastin davlatini tan olish niyatida ekani “xalqaro diplomatiyada tarixiy burilish” sanaladi.
“Turkiya diplomatiyasi hozir ikki yo‘nalishga qaratilgan. Birinchisi – G‘azoda davom etayotgan urush va “genotsid”ni zudlik bilan to‘xtatish hamda insonparvarlik yordamini yetkazish, ikkinchisi – ikki davlatli yechimni xalqaro darajada mustahkamlash va uni tan olishga erishish”, degan Xoqon Fidan.
Vazir, shuningdek, Turkiya mintaqada tinchlikni ilgari surishda yetakchi davlatlar bilan hamkorlikni davom ettirishini ham aytib o‘tgan.
Aytish joizki, ancha vaqtdan buyon Turkiya G‘azodagi vaziyatni yaxshilash uchun jon kuydirmoqda. Masalan, Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an deyarli har bir nutqida G‘azo masalasiga alohida to‘xtataladi. Joriy yilning 26 avgust kuni Malazgirt g‘alabasining 954 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda ham Erdo‘g‘an G‘azo va Suriyadagi voqealarga to‘xtalish qildi. Unga ko‘ra, Turkiya diplomatik xatlar, telefon muloqotlari, xalqaro aloqalar va gumanitar yordam orqali Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlamoqda. G‘azoga yuborilgan insonparvarlik yordami hajmi 102 ming tonnadan oshgan. U Turkiya Isroilning zulmiga qarshi G‘azodagi birodarlarini hech qachon yolg‘iz qoldirmasligini ham aytgan. Qolaversa, yaqinda Erdo‘g‘anning ayoli Emina Erdo‘g‘an ham turmush o‘rtog‘idan ilhomlanib, AQSH Prezidenti Donald Trampning rafiqasi Melaniya Trampga G‘azodagi vaziyat bo‘yicha maktub yo‘lladi. U o‘zining xatida G‘azodagi gumanitar inqirozga ham xuddi Ukrainadagi urushga bo‘lgani kabi e’tibor qaratishni so‘ragan. Shu bilan birga, Emina Erdo‘gan Melaniyadan Rossiya Prezidentiga xat yo‘llagani kabi Isroil Bosh vaziriga ham maktub yo‘llashi kerakligini aytgan.