Turkiya G‘azoga 100 ming tonnadan ortiq yordam yubordi – Erdo‘g‘an
Olam
−
26 avgust 3410 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara G‘azoda adolat va huquqni himoya qilishda davom etayotganini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 26 avgust kuni Malazgirt g‘alabasining 954 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, Turkiya diplomatik xatlar, telefon muloqotlari, xalqaro aloqalar va gumanitar yordam orqali Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlamoqda. G‘azoga yuborilgan insonparvarlik yordami hajmi 102 ming tonnadan oshgan.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya barcha maydonlarda Falastin masalasini himoya qilib keladi va G‘azodagi birodarlarini Isroilning zulmiga qarshi hech qachon yolg‘iz qoldirmaydi.
Suriya masalasiga ham to‘xtalgan Prezident, Turkiya bu mamlakatdagi barcha etnik guruhlar, jumladan, kurdlar uchun ham xavfsizlik kafolati ekanini aytgan. Unga ko‘ra, Anqara va Damashq bilan hamkorlik qilgan tomonlar faqat yutadi.
Erdo‘g‘an Turkiya butun mintaqada barqaror tinchlik o‘rnatish tarafdori ekanini, muammolar va qarama-qarshiliklarni esa dialog va diplomatiya yo‘li bilan hal qilishni maqsad qilayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 1071 yil 26 avgust kuni Sulton Alp Arslon boshchiligidagi Saljuqiy turklar va Vizantiya imperatori Roman IV Diogen qo‘shinlari o‘rtasida bugungi Turkiyaning sharqidagi Malazgirt (Manzikert) hududida jang bo‘lib o‘tgan. Bu jangda turklar hal qiluvchi g‘alabaga erishgan. Natijada Anadoluga keng ko‘lamda turk qabilalarining ko‘chishi boshlangan va u hudud keyinchalik turkiy dunyoning asosiy markazlaridan biriga aylangan. Shu sababli Malazgirt g‘alabasi turklar tarixida burilish nuqtasi, Anadoluni “turklar vatani”ga aylantirish jarayonining boshlanishi sifatida qaraladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning birinchi xonimi, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an AQSH Prezidenti Donald Trampning rafiqasi Melaniya Trampga maktub yo‘llab, undan G‘azodagi gumanitar inqirozga ham xuddi Ukrainadagi urushga bo‘lgani kabi e’tibor qaratishni so‘ragandi.