Turkiya Isroil harbiylarining jurnalistlarga tajovuzini qoraladi 

Olam

image

Avvalroq, Turkiyaning "Anadolu" axborot agentligi fotojurnalisti Mustafo Haruf Isroil harbiylari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangani haqida xabar bergandik. Ijtimoiy tarmoqlarda harbiylar jurnalistga miltiq bilan tahdid qilgani, so‘ng o‘rtaga olib tepkilagani aks etgan videolar tarqaldi.    

Buning ortidan Turkiya Isroil harbiylarining jurnalistlarga hujumlarini qoralab chiqdi. Jumladan, Turkiya prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun Isroil harbiylari tomonidan jurnalistlarning o‘ldirilishi va kaltaklanishi tizimli ravishda davom ettirilayotganini aytib o‘tdi.

"Ana bugun Isroil o‘z vazifasini bajarayotgan "Anadolu" muxbiri Mustafo Harufni nishonga oldi. Biz Isroilning jurnalistlarga nisbatan uyushtirayotgan hujumlarini keskin qoralaymiz. Askarlar tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangan Haruf shifoxonaga olib ketildi. Bu esa Tel-Avivning ommaviy axborot vositalarining ovozini o‘chirish kampaniyasining bir qismidir.  Isroil jurnalistlarning voqea joyidan dunyo ahliga asl holatni yoritishiga to‘sqinlik qilyapti. Bu bilan Isroil jamoatchilikning ishonchli axborot olish huquqini himoya qiluvchi xalqaro me’yorlarni ochiqchasiga buzmoqda. Isroil hukumati (G‘azodagi) vayronagarchilik ko‘lamini xalqaro hamjamiyatdan yashirish maqsadida jurnalistlarni qo‘rqitishga urinyapti. Ammo ular bu bilan G‘azoda sodir etayotgan harbiy jinoyatlarni yashira olmaydi", degan u.

Shuningdek, Turkiya Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari  Tel-Avivdan jurnalistlarga qarshi "fashistlarcha" harakatlarini to‘xtatishni talab qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi ayni paytgacha kamida 64 nafar jurnalist halok bo‘lgani, 13 nafari jarohatlangani, 3 nafari daraksiz yo‘qolgani va 19 nafari qamalgani haqida ma’lumot bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Isroil jurnalistlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing