Turkiya go‘zali novvoyxonada ish boshladi (video)

Olam

image

Turkiyada go‘zallik tanlovining g‘olibasi, model hamda tarjimon Irmoq O‘ztosh boshqa ish topa olmagani sabab novvoyxonaga ishga kirdi. Bu haqda “Odatv” xabar berdi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘ztosh 2022 yilda “Best Model” milliy tanlovida “Janubi-Sharqiy Anadoluning eng yaxshi modeli” unvonini qo‘lga kiritgan va Janubiy Koreyada o‘tkazilgan “World Miss University” tanlovida ishtirok etgan. Shundan so‘ng u Turkiyaga qaytib, aktyorlik va modellik faoliyatini boshlash uchun Istanbulga joylashgan. Biroq unga ish takliflari chiqmagan.

Keyinchalik u o‘zining tug‘ilgan shahri Izmirga qaytgan. Izmir iqtisodiyot universitetini tarjimonlik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaganiga qaramay, u 7 oy davomida o‘ziga mos ish topa olmagan.

O‘ztoshning tanishlaridan biri ham Istanbulda aktyor bo‘lishga harakat qilgan, ammo uzoq vaqtdan beri novvoyxonada ishlayotganini aytgan. Shundan so‘ng qiz ham barqaror daromad topish va yangi kasbni sinab ko‘rish maqsadida ayni novvoyxonada ishlashga qaror qilgan.

Irmoq O‘ztoshning hikoyasi mahalliy OAV e’tiborini tortdi. U so‘nggi yillarda sun’iy intellekt keng tarqalgani sabab o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topish qiyinlashganini ham ta’kidladi. Shunga qaramay, uning tajribasi bor — u ingliz tilidan turk tiliga ikki kitob va bir hujjatli filmni tarjima qilgan.

“Men aktyorlikni o‘rganmoqchi edim, lekin otam “Tilni yaxshi bilasan, aktyorlikni xobbi sifatida davom etasan, universitetni bitir”, degandi. Men otamga quloq tutdim va hammasi shunday bo‘ldi. Nima ham deyish mumkin, umid qilamanki, ishsizlik muammosi hal bo‘ladi. O‘zim haqimda aytsam, hozir o‘z nonimni topdim”, deya xulosa qilgan O‘ztosh.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Dunyo go‘zali” (Miss World) xalqaro go‘zallik tanlovining 2025 yilgi g‘olibasi tailandlik Suchata Chuangsri bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya novvoyxona Irmoq O'ztosh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing