Turkiya Eurofighter qiruvchisini sotib olmoqchi

Olam

image

Turkiya Buyuk Britaniya bilan oxirgi modifikatsiyadagi 40 ta Eurofighter qiruvchi samolyotini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vazirligidagi manbaga tayanib, “Habertürk” xabar berdi.   

“Biz Buyuk Britaniya bilan samolyotlar sotib olish masalasini muhokama qilmoqdamiz. Bu mavzu mamlakatlarimiz mudofaa vazirlari uchrashuvida muhokama qilinadi. Biz ikki bosqichda har biri 20 donadan 40 ta samolyot sotib olish istagini bildirdik. Biz faqat Eurofighter’ni ko‘rib chiqyapmiz, boshqa muqobil yo‘q. Va bu, albatta, eng so‘nggi modifikatsiyadagi yangi samolyotlar bo‘ladi”, degan manba. 

Mudofaa vazirligi, shuningdek, Eurofighter sotib olish varianti AQSHdan F-16 samolyotlarini sotib olish va uni modernizatsiya qilish jarayoni davom etayotgan bir paytda amalga oshirilayotganini bildirgan. Manbaga ko‘ra, Britaniya ham Turkiyaga Eurofighter sotilishiga Germaniyaning e’tirozlarini bartaraf etishga yordam berishni va’da qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 17 noyabr kuni Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi ortidan bergan intervyusida Berlin rasmiylari Anqaraga Eurofighter qiruvchi samolyotlarini sotish imkoniyati haqida izoh bermaganini bildirgan edi. 

"Kansler [Olaf Shols] bu mavzuga tegmadi. U Eurofighter’ni berish yoki bermaslik haqida miq etmadi. Biz aniq aytdik – ular samolyotlarni beradigan bo‘lsa, demak beradi. Agar yo‘q bo‘lsa, bizda boshqa [samolyotlarni qabul qilish] imkoniyati yo‘qmi? Bor, albatta. S-400 havo mudofaa tizimini olishdan avval qanday qadamlar tashlanganini bilasizmi? Amerika bizga raketaga qarshi mudofaa tizimini bermadi, biz esa Rossiyadan S-400’ni sotib oldik. Hozir bizda ular bor”, degan Erdo‘g‘an. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Eurofighter

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing