Turkiy kengash Bosh kotibi Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi

Jamiyat

image

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bag‘dod Amriyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan muborakbod etib, tabrik yo‘lladi. Amriyev o‘z tabriknomasida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik va farovonlik tilagan. 

Bosh kotib, o‘z maktubida ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar, xalqaro ommaviy axborot vositalari, shuningdek Turkiy Kengash kuzatgan O‘zbekiston Prezident saylovi xalqaro miqyosda qabul qilingan me’yorlar asosida o‘tganini qayd etgan. 

Saylovlar O‘zbekiston xalqi siyosiy qadriyatlarga sodiqligi, shijoati va samaradorligi ortib borayotganini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidlar ekan, Bosh kotib ovoz berish natijalari xalq Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganini urg‘ulagan.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekistonda navbatdagi Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda 80,1 foiz ovoz bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev ishonchli g‘alabaga erishdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotib o‘rinbosari doktor O‘mar Ko‘jaman boshchiligidagi Turkiy kengash xalqaro kuzatuvchi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatib bordi. 

Turkiy kengash xalqaro kuzatuv missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ochiq, oshkora, O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi hamda xalqaro miqyosda qabul qilingan saylov standartlari va amaliyotiga muvofiq o‘tganini tasdiqlagan. 

Delegatsiya O‘zbekistonni va uning qardosh o‘zbek xalqini saylovni muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan samimiy tabriklab, saylov natijalari mamlakat farovonligi oshishiga, Turkiy dunyoda qardoshlik munosabatlarining mustahkamlanishiga xizmat qilishiga yana bir bor umid bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Bag'dod Amriev

Baholaganlar

7

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing