Turkiylar jinoyatchilikka qarshi Interpolning anologini ishlab chiqdi
Olam
−
10:57 962 2 daqiqa
Turkiya Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Ichki ishlar vazirlarining 3-yig‘ilishida turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinganini ma’lum qilib, u yig‘ilishda Interpol va Yevropolga o‘xshash Turkpol nomli tashkilot tuzishni taklif qilganini bildirdi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.
Chiftchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yig‘ilish haqida ma’lumot berib, turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilinganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tomonidan taklif qilingan Jinoyatchilikka qarshi kurash kengashini tuzish masalasi qo‘shma deklaratsiyaga kiritilgan. Kengash yangi avlod jinoiy tashkilotlari, terrorizm, giyohvand moddalar, noqonuniy migratsiya, noqonuniy pul tikish va qimorga qarshi kurashda qo‘shma imkoniyatlarni kuchaytirishi kutilmoqda.
“Kelasi oy Anqarada hurmatli Prezidentimiz Rajab Toyib Erdo‘g‘an mezbonligida o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti yetakchilari sammitida Kengashning ta’sis shartnomasini imzolashni maqsad qilganmiz”, degan Chiftchi.
Vazir Interpol va Yevropolga o‘xshash tashkilot tuzish maqsadida turkiy davlatlar o‘rtasida Turkpol deb nomlangan qo‘shma tuzilmani tashkil etishni taklif qilganini bildirgan.
Chiftchining aytishicha, ushbu taklif yig‘ilishda ishtirok etgan Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirlari tomonidan ham ijobiy qabul qilingan.
Jinoyatchilikka qarshi kurash kengashi tashkil etilganidan so‘ng uning ijro etuvchi organi sifatida Turkiy davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi hamkorlik agentligi – Turkpolni tashkil etish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
“Shu tariqa biz jinoyatchilik va jinoyatchilarga qarshi kurashda axborot almashish, muvofiqlashtirish va qo‘shma harakat qilish imkoniyatimizni yanada institutsional asosda mustahkamlaymiz”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy alyans yoki geosiyosiy loyihaga aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi