Turkiy davlatlar tashkilotining geografik kengashi tuzildi
Olam
−
10 may 2023
5884Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston va Vengriya geografik jamiyatlari Turkiy davlatlar geografik kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzoladi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Keltirilishicha, tashkilot shtab-kvartirasi Toshkentda bo‘ladi va Oybek Norinboyev uch yil muddatga kengash bosh kotibi etib saylangan.
Qayd etilishicha, geografik kengashning asosiy vazifasi turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni quyidagi yo‘nalishlarda mustahkamlashdan iborat:
- innovatsiyalar sohalari;
- ekologiya;
- turizm;
- madaniy-gumanitar sohalar.
“Kengashning asosiy maqsadi geografiya, o‘lkashunoslik va turdosh fanlar yo‘nalishida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ilm-fan yutuqlarini keng targ‘ib qilish, tabiatni muhofaza qilish muammolarini aniqlash va ularda faol ishtirok etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat”, deydi Oybek Norinboyev.
“QazaqGeography” respublika jamoat birlashmasi boshqaruvi raisi Orman Nurbayevning aytishicha, kengash Qozog‘iston tomonining o‘tgan yili ilgari surilgan tashabbusi bilan tuzilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda iqlim, suv resurslari, ekoturizm va uglerod neytralligi (ishlab chiqarish faoliyati jarayonida karbonat angidrid va uning analoglari chiqindilarini kamaytirish) masalalarida konstruktiv yechimlarni ishlab chiqish masalasi pishib yetilgan.
Ma’lumot uchun, 2009 yil oktyabr oyida Turkiy davlatlar tashkiloti tuzildi. Ilgari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) deb nomlangan. 2021 yil 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Turkiy kengashning nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirildi. 2018 yil 30 aprelda O‘zbekiston Turkiy kengashga rasman a’zo bo‘lgan.