Turkiy davlatlar tashkiloti G‘arb gegemonligiga qarshi madaniy kuch – O‘g‘uz Go‘ksu

Olam

image

Turkiya Prezidenti huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi Matbuot va nashriyot bo‘limi boshlig‘i O‘g‘uz Go‘ksu Turkiy davlatlar tashkiloti G‘arb gegemonligiga qarshi o‘z madaniy kuchini ko‘rsatishini maqsad qilganini aytdi. Bu haqda shu yilning 27 aprel kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar sharhlovchilari simpoziumida ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi. 

Uning aytishicha, 2009 yilda tashkil etilib, tarixi, madaniyati, tili, dini va kelib chiqishi mushtarak bo‘lgan davlatlarni birlashtirgan Turkiy davlatlar tashkiloti (Turkiy Kengash) jadallik bilan institutsionallashmoqda. 

Bu esa Turk dunyosining hokimiyatga erishish yo‘lidagi muhim bosqichni tashkil etadi.

“Darhaqiqat, Turk dunyosining to‘rt tomonida qardoshlarimiz mavjud tahdidlar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Ayniqsa Suriya, Iroq va Sharqiy O‘rta yer dengizidan turkiylik izlarini o‘chirish uchun tizimli kampaniya ish olib boryapti. Ushbu hujumlarning maqsadi nafaqat jismoniy mavjudligimiz, balki bizning nomimiz va obro‘-e’tiborimizni ham qamrab oladi”, dedi Go‘ksu.

Turkiyaning axborot bo‘yicha mas’ul xodimi gaplariga ko‘ra, bunda ommaviy axborot vositalarining o‘rni nihoyatda katta.

U namuna sifatida 2009 yil 21 martda Gaspirali Ismoilning “tilda, fikrda, ishda birlik” tamoili asosida efir faoliyatini boshlagan Turkiyaning “TRT Avaz” telekanalini ko‘rsatar ekan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonning ta’lim, madaniyat, san’at, ilm-fan, bolalar va oila, tarix va geografiya, til va tafakkur mavzuidagi eshittirishlar uning umumiy efir mazmunini tashkil etishini aytib o‘tdi.

“Bu esa Turk dunyosi madaniy qudratini shakllantirishda G‘arb gegemonligiga qarshi hal qiluvchi vazifani bajaradi”, dedi u.

Shuningdek, G‘arb gegemonligiga qarshi kurashishda turkiy davlatlar jurnalistlari muhim kelishuvlarga erishgan.

Bular:

  • milliy telekanallar o‘rtasida umumiy translyatsiya tizimini ishlab chiqish;
  • a’zo mamlakatlar madaniyati va tarixi haqida videomateriallar, filmlar va seriallar ishlab chiqarish va ulashish;
  • a’zo mamlakatlardagi ommaviy eshittirish muassasalari o‘rtasida hamkorlik protokolini tuzish;
  • a’zo mamlakatlar axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish;
  • ommaviy axborot vositalari sohasida faoliyat yuritayotgan shaxslar uchun almashinuv dasturlari, kurslar tashkil etish kabi masalalar bo‘yicha kelishib olingan va ularning ayrimlari bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

 

“Turk dunyosining bir qancha umumiy qadriyatlari bor. Adabiyot, sport, an’ana va diniy e’tiqodlardagi hamkorligimiz susaymasligi kerak. Biz qo‘shni davlatlar va xalqlarning o‘zaro hamkorligini hozirgi xalqaro munosabatlar doirasida qayta ko‘rib chiqishga majburmiz. Ommaviy axborot vositalari dunyoda “yumshoq kuch” deb hisoblanadi. Biz bu “yumshoq kuch” orqali hamkorligimizni kuchaytira olishimiz, turkiy dunyoga qarshi kuchlar va yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashishimiz kerak. Ozarbayjonda Qorabog‘ muammosi boshlanganda biz ommaviy axborot vositalari tomonidan yaratilgan barcha kuch va yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashdik. Biz dunyoga barqaror va haqqoniy axborotni tarqatdik, axborot xurujlariga qarshi kurashdik”, dedi matbuot va radioeshittirish bo‘limi boshlig‘i O‘g‘uz Go‘ksu.

Uning aytishicha, bugungi kunda axborot xurujlarining ham turi ko‘paygan. Ularga qarshi kurashishda esa yanada birlashmoq lozim.

Axborot hujumining turi ko‘payib, u maxsus tadqiqot markazlari tomonidan tayyorlanadi va ijtimoiy tarmoqlar, turli rasmlar, fotosuratlar va boshqa imkoniyatlardan keng foydalaniladi. Turkiy tilli davlatlarning mushtarak tili va mushtarak madaniyati bizni bu kabi hujumlarga qarshi birgalikda kurashishga safarbar etadi. Qardosh Ozarbayjonning g‘alabasi – bizning g‘alabamiz edi. Biz turkiy dunyoga umumiy qadriyatlar asosida turkiyzabon davlatlarning axborot xavfsizligiga qarshi ishlay olishimiz kerak. Dezinformatsiya, kiberhujumlar milliy xavfsizlikka tahdid soladi. Madaniyat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari shu nuqtai nazardan Turk dunyosi xavfsizligini ta’minlash yo‘lida faoliyat yuritishlari kerak”, dedi u.

Ma’lumot uchun, 27-28 aprel kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar sharhlovchilari simpoziumi Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar bo‘yicha boshqarma tashabbusi bilan tashkil etilgan. Unda esa Turkiy Kengashga a’zo bo‘lgan barcha mamlakatlar – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya, Vengriyadan jami 50 dan oshiq OAV vakillari ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Turkiy davlatlar tashkiloti O'g'uz Go'ksu TDT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing