Turkiy davlatlar donor organlarining yagona bazasini yaratadi
Olam
−
09 Oktabr
3973Kecha, 8 oktyabr kuni turkiyzabon davlatlarning Sog‘liqni saqlash vazirlari “Türktransplant” yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha protokol imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujjat Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar Sog‘liqni saqlash vazirlarining 4-anjumani doirasida imzolangan. Unga Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirlari imzo chekkan.
Protokolning maqsadi TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida donorlik va organ transplantatsiyasi jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi yagona axborot tizimini yaratish hisoblanadi. “Türktransplant” tizimi donorlar va oluvchilar haqidagi ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash, organ transplantatsiyasini tashkil qilishni osonlashtirish va donorlik hamda transplantatsiya bilan bog‘liq masalalarni birgalikda hal qilishga imkon yaratadi.
Shuningdek, protokol tashxis qo‘yish usullarini standartlashtirish, transplantatsiya markazlarini yaratish va operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish maqsadida birgalikda treninglar o‘tkazishni nazarda tutadi. Asosiy maqsadlardan biri TDT davlatlarida organ transplantatsiyasi bo‘yicha yagona qonunchilikni ishlab chiqish va a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik asosida donor organlari bazasini yaratish.
Ma’lum qilinishicha, barcha tadbirlar Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro turkiy akademiya va Turk lingvistik jamiyati tomonidan tashkil etilgan umumiy turk alifbosi bo‘yicha komissiyaning uchinchi sessiyasi yakunlangani xabar qilingan edi. Unga ko‘ra, komissiya faoliyati natijasida 34 ta harfdan iborat umumiy turkiy alifbo bo‘yicha kelishuvga erishilgan.