Turkistonda olti davlat harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi

Jamiyat

image

Qozog‘iston janubidagi Turkiston viloyatida “Cheksiz birodarlik-III” o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, manyovrlarning faol bosqichida olti davlatning maxsus bo‘linmalari shartli jinoiy guruhni yo‘q qilgan. Unda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qatar, Pokiston, Turkiya va O‘zbekiston harbiylari qatnashgan. Mashqlarni barcha oltita davlat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi vakillari nazorat qilib borgan. Bundan tashqari, Iordaniya va Qirg‘iziston Qurolli kuchlari vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

“Olti davlat harbiy kontingentlarining birlashgan guruhlari oldiga chegarani yorib o‘tib, aholi gavjum hududda boshpana topgan noqonuniy qurolli tuzilmani to‘sish va yo‘q qilish vazifasi qo‘yildi. Jangarilarning uchuvchisiz samolyotlar yordamida qo‘shinlarning qo‘shma guruhini mag‘lub etishga urinishi elektron urush orqali bartaraf etildi”, deyiladi Qozog‘iston Mudofaa vazirligi xabarida.

Xabarga ko‘ra, mashg‘ulotlar davomida shartli qo‘mondonlik balandliklarini egallash uchun birlashgan guruhning taktik havo hujumi amalga oshirilgan. Hujum kamikadze dronlari va aviatsiya havo zarbalari, shuningdek, mobil guruhlarning o‘q otishi bilan qo‘llab-quvvatlangan. Ma’muriy binoga bostirib kirilgandan so‘ng chekinayotgan dushman qo‘shinlari dronlar yordamida tunnelda yo‘q qilingan.

Qayd etilishicha, O‘rda poligonida qurol-yarog‘, harbiy texnika va kiyim-kechak namunalari ko‘rgazmasi ham namoyish etilgan.

“Terrorchilik tahdidlarining kuchayib borayotganini hisobga olib, biz harbiy xavfsizlik sohasida kuchlarni birlashtirmoqdamiz. Mashq davomida boshqaruv organlari va bo‘ysunuvchi bo‘linmalarning inqirozli vaziyatlarda harakat qilish algoritmlari ishlab chiqildi. Qo‘shma operatsiya harbiy kontingentning izchil va samarali harakat qilishga tayyorligini ko‘rsatdi”, dedi Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqov.

Mashg‘ulotlarda to‘rt yuz nafardan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari harbiy xizmatchilari hamda havo hujumidan mudofaa mutaxassislari ishtirokida “Ashiq Aspan-2024” xalqaro tezkor-taktik qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston harbiy mashg'ulot Turkiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made