Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temir yo‘li quriladi
Jamiyat
−
03 noyabr 2020
5340Avvalroq, Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar boshliq Hukumat delegatsiyasi O‘zbekistonga kelgani haqida xabar bergan edik.
Kecha, 2 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi hukumati delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Roman Sklyar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchashuvda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishda strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor ahamiyati alohida ta’kidlandi. Havo yo‘llari orqali tashishning qayta tiklanishi ijobiy baholandi. O‘zbekiston va Qozog‘iston yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temir yo‘li hamda “Uchquduq – Qizilo‘rda” transport yo‘lagi qurilishi muhokama qilindi.
Uchrashuv chog‘ida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport va logistika sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zaro aloqalarning borishi atroflicha ko‘rib chiqildi - mashinasozlik, agrosanoat majmuasi, chorvachilik, yengil, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati sohalarida ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma investitsiyaviy loyihalari sonini ko‘paytirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.
Muzokaralar kun tartibi doirasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu nuqtai nazardan, “Markaziy Osiyo” Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini (XSIHM) tashkil qilish bo‘yicha birgalikdagi amaliy ishlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tovarlarni uzluksiz yetkazib berish, tranzit salohiyatini oshirish va o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va idoralari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar Rejasini ("Yo‘l xaritasi") o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish uchun zarur choralar ko‘rishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha har ikki mamlakat Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari yakuniy bayonnoma, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasida 22 ta aniq loyihalarni amalga oshirishni ta’minlashni nazarda tutgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar Rejasini (“Yo‘l xaritasi”) qabul qildilar. Shuningdek, ushbu “Yo‘l xaritasi” yangi investitsiya loyihalarining ishlab chiqilishiga qarab, ularni o‘z ichiga olish hisobiga doimiy ravishda yangilanib turilishiga kelishib olindi.
Imzolangan hujjatlar ijrosinining muntazam monitoringini olib boradigan va ularning to‘liq ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq takliflar kiritadigan qo‘shma ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
LiveBarchasi