Turk xalqi bugun Erdo‘g‘anning taqdirini hal qiladi
Olam
−
28 may 2023
7955Bugun, 28 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovi ikkinchi turi uchun ovoz berish boshlandi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da ochilgan bo‘lib, soat 17:00 da yopiladi. Mamlakat bo‘ylab 191 mingdan ortiq saylov qutilari o‘rnatilgan. Saylovchilar soni 60 million kishidan oshadi.
Joriy yilning 14 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishning birinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, nomzodlardan hech biri 50 foiz ovoz to‘play olmadi. Amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,51 foiz ovoz olgan bo‘lsa, uning raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li 44,88 foiz ovoz to‘plagan.
14 may kuni 5,17 foiz ovoz olgan nomzod Sinan Og‘an ikkinchi turda tarafdorlarini Erdo‘g‘an nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Ovozlarni sanash saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da yopilganidan keyin boshlanadi.
Sog‘lig‘i sababli saylov uchastkalariga kela olmagan saylovchilar uchun ko‘chma saylov qutilari ishlaydi.
Shuningdek, 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda bo‘lgani kabi, ko‘rishda muammolari bo‘lgan fuqarolar ham maxsus tayyorlangan shablon bo‘yicha ovoz berishlari mumkin bo‘ladi.
Xorijda yashayotgan Turkiya fuqarolari uchun ovoz berish 24 may kuni yakunlandi. 73 mamlakatda va nazorat-o‘tkazish punktlarida jami 3,5 million saylovchi ovoz berdi. Xorijdan saylov qutilari havo va diplomatik pochta orqali Anqaraga yetkazildi. Ular boshqa saylov qutilari qatori yakshanba oqshomida ovoz berish tugaganidan keyin ochiladi.
Ma’lumot uchun, respublika tarixida birinchi marta prezidentlik saylovlarida ovoz berishning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Quyida amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘gan va muxolif nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘lining prezidentlik saylovlari oldi chiqishlaridagi va’dalari bilan tanishishingiz mumkin.
LiveBarchasi