Turizm qo‘mitasi mansabdori tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
15560Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi rahbari Dilfuza Samandarovaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, qo‘mita mansabdori Dilfuza Mansurovna Samandarova 2023 yil 22 fevralida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Avtoimkon trade” MCHJning 50 foizlik ulush bilan ta’sischisi bo‘lgan.
Shuningdek, u ijtimoiy tarmoq orqali Toshkent shahar markazida joylashgan “LBOS Jewellery” kumush taqinchoqlar do‘koni asoschisi ekanligini aytib, uni reklama qilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘mita va uning huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasiga taqdimnoma kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning 2016 yilda tashkil etilgan “Koba san’at majmuasi” MCHJga 100 foizlik ulush bilan ta’sischi bo‘lib kelayotgani aniqlangan edi. Ushbu holat qonunchilik hujjatlariga rioya qilga holda bartaraf etilib, MCHJ ta’sischisi o‘zgartirilgandi.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Dilfuza Samandarova joriy yilning avgust oyi o‘rtalarigacha Prezident Administratsiyasi rahbari yordamchisi lavozimida ishlagan Sunnatilla Husanovich Bekenov bilan qarindoshligi bor.