Turinda “Yuventus” afsonasiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi
Sport
−
24 dekabr 2025 989 2 daqiqa
Turinda “Yuventus”ning sobiq hujumchisi va klub afsonasi Alessandro Del Peroga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma ochilishi rejalashtirilgan. Ko‘rgazma 2026 yil 1 yanvardan 12 yanvargacha “Byankoneri” muzeyida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra. bu loyiha “Afsona san’ati: Alessandro Del Pero ijodkorlik nigohida” deb nomlanadi va bu ko‘rgazma klub hamda uning texnik homiysi adidas hamkorligida tashkil etiladi.
Ko‘rgazma doirasida o‘nta ifodali rasm, haykaltaroshlik byusti hamda adidas bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus o‘yinoldi formasi namoyish etiladi. Ushbu forma erkaklar asosiy jamoasi tomonidan yaqinda “Roma”ga qarshi uchrashuv oldidan ilk bor taqdim etildi va mavsum davomida kiyib boriladi.
Namoyish etilayotgan har bir asar Alessandro Del Peroning “Yuventus”dagi faoliyatidagi muhim lahzalarni qayta jonlantiradi hamda uning sport yo‘lidagi bosqichlarini Uyg‘onish davri estetikasi orqali yangicha talqinda aks ettiradi.
Ko‘rgazmadagi alohida ishlardan biri 2006 yil 10 yanvarda sodir bo‘lgan voqeaga bag‘ishlangan. Oradan roppa-rosa 20 yil o‘tib yodga olinayotgan ushbu bahsda Del Pero Italiya Kubogida “Fiorentina”ga qarshi o‘yinida xet-trik qayd etib, turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida Jampero Boniperti bilan tenglashgan va keyinchalik uni ortda qoldirgan edi. Ta’kidlash joiz, “Yuventus” muzeyiga tashrif buyurgan barcha muxlislar ushbu ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Alessandro Del Pero 1993-2012 yillar davomida “Yuventus” safida to‘p surgan. U barcha musobaqalarda 705 ta o‘yinda maydonga tushib, 290 ta golga mualliflik qilgan. bu natija bilan u “Yuventus” tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.